O‘zbekiston Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lib kirish bo‘yicha AQSh bilan ikki tomonlama muzokaralarni yakunladi. Bu haqda O‘zbekiston prezidentining Jahon savdo tashkiloti masalalari bo‘yicha maxsus vakili Azizbek O‘runov LinkedIn sahifasida ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, 19 dekabr kuni bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev va AQSh Savdo vakili Ketrin Tay tegishli protokolni imzoladi.
“Bu yil bizning JSTga a’zo bo‘lish xarajatimizdagi tarixiy yil bo‘ldi, yil yakunida juda istiqbolli natijalarga erishildi”, deb yozdi Azizbek O‘runov.
AQSh Savdo vakili Ketrin Tayning bayonotida O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishi bo‘yicha doimiy sa’y-harakatlarini e’tirof etgan. Bayonotda qayd etilishicha, O‘zbekiston 1994 yilda JSTga a’zo bo‘lish uchun ariza bergan va 2020 yildan buyon bu yo‘nalishda faol ish olib bormoqda.
“O‘zbekistonning muzokaralarga jiddiy kirishgani so‘nggi ikki yilda, shu jumladan, ikki tomonlama muzokaralarimizning muvaffaqiyatli kechishida muhim omil bo‘ldi”, deyiladi bayonotda.