O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) mutaxassislari tomonidan O‘zbekiston iqtisodiyoti uchun fiskal multiplikator ko‘rsatkichi baholandi.
Fiskal multiplikator davlat xarajatlari va daromadlar o‘zgarishi natijasida iqtisodiyotda yaratiladigan qiymat qanchaga o‘zgarishini aniqlab beradi. Ushbu ko‘rsatkich soliq-byudjet siyosatining samaradorligini baholashda muhim ahamiyatga ega bo‘lib, davlatning daromad va xarajatlar yo‘nalishida olib boradigan siyosatini yuritishda yordam beradi.
Tahlilga ko‘ra, 2023-yilda O‘zbekiston uchun fiskal multiplikator 1,34 ni tashkil qilgan. Ushbu ko‘rsatkich davlat xarajatlarining 1 trln. so‘mga oshirilishi natijasida iqtisodiyotda 1,34 trln. so‘mgacha bo‘lgan miqdorda qo‘shilgan qiymat yaratilishi mumkinligini anglatadi.
2019-yilda Garvard universiteti tomonidan o‘tkazilgan tadqiqotda AQSh uchun geografik hududlararo fiskal multiplikator hisoblab chiqilgan. Ushbu tadqiqot natijalariga ko‘ra, AQSh uchun fiskal multiplikator 1,8 ga teng ekanligi aniqlangan.
Rejalashtirilayotgan dasturlardan kutilayotgan natijalar. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 23-sentyabrdagi “Kambag‘allikni qisqartirish va aholi turmush farovonligini oshirish borasidagi chora-tadbirlarni yangi bosqichga olib chiqish to‘g‘risida”gi PF-143 sonli Farmoni ijrosini samarali ta’minlash maqsadida “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturini amalga oshirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar rejasi doirasida davlat byudjetidan 6,2 trln. so‘m xarajat qilinishi belgilangan.
Natijalar: “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi doirasida loyihalarni amalga oshirish orqali (fiskal multiplikator effektini inobatga olgan holda) iqtisodiyotda 8,31 trln. so‘mgacha bo‘lgan qo‘shilgan qiymat yaratilishi mumkin.
Izoh: Mazkur tadqiqotda davlat dasturi doirasida amalga oshiriladigan loyihalarning iqtisodiyotga ta’sirini baholashda barcha turdagi fiskal multiplikatorlarning bir xil ekanligi taxmin qilindi.
Yondashuv: Mazkur tadqiqotda fiskal multiplikator ko‘rsatkichi Jon Meynard Keynsning iste’molga marjinal moyillik nazariyasiga asoslangan holda baholandi. Umumiy daromadlarning ma’lum qismi import iste’moli uchun sarflanishi xarajatlar zanjirining uzilishiga olib keladi. Bu esa xarajatlarning multiplikativ ta’sirini pasaytiradi. Shu sababli, fiskal multiplikatorni baholashda iqtisodiyotda yakuniy va oraliq iste’mol uchun import xarajatlari bo‘yicha to‘g‘rilash kiritildi.
Izoh: Import mahsulotlari hajmi qisqa muddatda fiskal multiplikatorning iqtisodiyotga ta’sirini kamaytirsada, uzoq muddatda texnologiyalarning rivojlanishi, raqobatning kuchayishi hamda iqtisodiyotda samaradorlikning oshishi orqali mamlakatda real ishlab chiqarish hajmining ortishiga va pirovardida iste’mol tovarlari importining kamayishiga olib kelishi mumkin. Shuningdek, dastur va loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha samaradorlikning oshishi, aholi daromadlarining ortishi bilan mahalliy tovar va xizmatlarga talabning ko‘payishi fiskal multiplikatorning iqtisodiyotga ijobiy ta’siri yaxshilanishiga olib kelishi mumkin.
Xalqaro tajriba: Keynsning iste’molga marjinal moyillik nazariyasi bo‘yicha fiskal multiplikatorni hisoblash yondashuvi daromadning o‘zgarishi natijasida iste’molning o‘zgarishini tahlil qilishga asoslanadi. Davlat xarajatlarining multiplikativ ta’sirini aniqlashda Yevropa mamlakatlari, AQSh va Yaponiya uchun S.Charlz, T.Dalleri va J.Mari, Yevropaning 10 ga yaqin davlati, AQSh va Yaponiya uchun Sebastian Charlz, Polsha uchun K.Laski, J.Osiatinski, J.Ziyeba, Fransiya, Germaniya, Polsha uchun A.Derkacz, Fransiya va Germaniya uchun Toralf Pusch kabi olimlar Keyns nazariyasiga asoslangan klassik usuldan foydalangan.