Dunyo kritik minerallar bo‘yicha yangi davrga kirib keldi, shubhasiz, O‘zbekiston ham bu jarayonlar markazida bo‘lishga intilayotgani aniq. O‘tgan yili mamlakatimiz Yevropa Ittifoqi bilan muhim xomashyo sohasida hamkorlik bo‘yicha kelishuv imzolagan edi. Endi esa yana bir katta qadam tashlandi — O‘zbekiston Texnologik Metallar Kombinati (TMK) Yevropa muhim xomashyo alyansi (ERMA)ga rasman a’zo bo‘ldi. Bu bizning global bozordagi o‘rnimizni yanada mustahkamlaydi, deya xabar qildi TMK matbuot xizmati.
ERMA nima?
Evropa muhim xomashyo alyansi (ERMA) Yevropa sanoatining resurs siyosasini belgilab beruvchi eng muhim platformalardan biri. U Yevropa sanoati uchun litiy, volfram, molibden va noyob yer elementlarini xavfsiz va barqaror manbalardan yetkazib berishni ta’minlaydi. Mazkur alyans Yevropaning yashil texnologiyalar va kelajak energetikasiga o‘tish jarayonida hal qiluvchi kuchga ega.
Mamlakatimiz uchun ushbu alyansning ahamiyati qanday?
Evropa Ittifoqi bilan institusional muloqotni yanada mustahkamlash – ayniqsa, xomashyoni chuqur qayta ishlash, sifat standartlarini joriy etish va eksport imkoniyatlarini kengaytirish yo‘nalishlarida;
Investision jozibadorlikni oshirish – xalqaro sertifikatlashtirish jarayonlarini yo‘lga qo‘yish va Yevropa miqyosidagi yirik loyihalarga faol jalb etilish orqali;
O‘zbekistonning xomashyo diplomatiyasini rivojlantirish – mamlakatni ishonchli va strategik hamkor sifatida xalqaro miqyosda tan olinishiga hissa qo‘shish;
Evropaning texnologik va ilmiy klasterlari bilan hamkorlikni kengaytirish – xususan Germaniya, Fransiya, Finlyandiya va Avstriyada joylashgan ilg‘or markazlar bilan qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish orqali.
Shuningdek, ushbu a’zolik TMKni kritik minerallar bozorida butunlay yangi darajaga olib chiqishi kutilmoqda. Xususan, Yevropa grantlari va investisiyalari orqali bu yo‘nalishdagi loyihalar uchun moliyaviy mexanizmlar kengayadi. Yevropaning ilg‘or markazlari bilan qo‘shma tadqiqotlar olib boriladi va innovasiyalar tatbiq etiladi. TMK mahsulotlari xalqaro bozorga yanada yuqori sifat ko‘rsatkichlari bilan chiqadi.
ERMA direktori Massimo Gasparon ham hamkorlikdan umidvor ekanini aytib, “Biz ERMA maqsadlarini amalga oshirish, shuningdek, Yevropa Ittifoqi va O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash yo‘lida TMK bilan birgalikda ishlashni intiqlik bilan kutmoqdamiz”, – dedi.
Bir so‘z bilan aytganda, bu a’zolik O‘zbekistonni oddiy xomashyo yetkazib beruvchidan innovasion hamkor darajasiga ko‘taradi.