Afg‘onistonga 1 milliard sarmoya kiritayotgan o‘zbekiston kompaniyasi nomi ochiqlanmagan.
Afg‘oniston Jouzjon va Faryob viloyatlaridagi Toti-maydon konida tabiiy gazni qidirish va qazib olish bo‘yicha o‘zbekistonlik kompaniya bilan shartnoma imzolagan. Bu haqda "EADaily" nashri xabar berdi.
Qayd etilishicha, o‘n yillik shartnoma taxminan 1 milliard dollarlik sarmoyani qamrab olgan. Hujjat Afg‘oniston Bosh vazirining iqtisodiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Abdul G‘ani Baradar Oxund va O‘zbekiston Prezidentining maxsus vakili Ismatulla Irgashev ishtirokida imzolangan.
Kelishuvga ko‘ra, O‘zbekiston kompaniyasi birinchi yili 100 million dollar, qolgan to‘qqiz yilda esa 900 million dollar investisiya kiritadi. Dastlabki ikki yilda qazib olingan gaz sarfi 100 megavatt gazga asoslangan elektr energiyasini ishlab chiqarishga yo‘naltiriladi.
Jouzjon provinsiyasidagi Toti-maydon konining gaz zaxiralari taxminan 7000 kvadrat kilometr maydonni egallagan. Gaz qazib olish asosan, mamlakatning gazga bo‘lgan ehtiyojini qondiradi va minglab afg‘onlar uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri va bilvosita ish o‘rinlarini yaratadi.