Avvalroq UzAuto Motors 11 dekabr kuni «Chevrolet Cobalt» avtomobili uchun kontraktasiyani ochishi haqida xabar berilgandi.
Chorshanba kuni o‘tkazilgan shartnoma berish jarayoni soat 14:48 holatiga yakunlangan. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati ma’lum qildi.
Savdo.uzavtosanoat.uz platformasida GX-Style AT Plus va GX-Midnight AT modifikasiyasi uchun jami 22 003ta shartnoma tuzildi.
Shundan 21 933tasi «One-ID» tizimida ro‘yxatdan o‘tgan jismoniy shaxslar, 70tasi esa yuridik shaxslar tomonidan amalga oshirilgan. O‘z navbatida, realizasiya qilingan avtomobillarning 6 574 donasi «GX-Style AT Plus», 15 429 donasi «GX-Midnight AT» hissasiga to‘g‘ri keladi.
Onlayn kontraktasiya jarayonida «UzAutoSavdo» tizimida 22,7 ming kiberhujum amalga oshirildi. Platforma faoliyatida uzilishlar kuzatilmadi.
Tizimda bu vaqt ichida 6 mingdan ortiq faol seanslar va soniyasida 3 mingdan ortiq ulanishlar qayd etildi. «Call-markazi» orqali 1 362 mijoz murojaati qabul qilinib, ko‘rib chiqildi.
«UzAuto Motors» fuqarolardan firibgarlardan ehtiyot bo‘lishlarini, e’lonlar sayti va boshqa servislar orqali «shartnoma sotib olish» bo‘yicha shubhali takliflarga rozi bo‘lmasliklarini so‘ramoqda. «UzAutoSavdo» platformasida xaridor yoki diler mijoz ma’lumotlarini o‘zgartirish imkoniyatiga ega emas.