Hadya (sovg‘a) ulashishga Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam targ‘ib qilganlar. Shuning uchun har bir musulmon kishi ushbu targ‘ib qilingan amalni ado etishga imkon qadar harakat qilishi fazilatli ish hisoblanadi. Mazkur fazilatli ishga taalluqli bir qancha odoblar bo‘lib, ularning eng mashhurlari quyidagilar:
Birinchi odob – ezgu niyat qilish.
Hadya beruvchi avvalo Alloh taoloning roziligi yo‘lida bir musulmonning ko‘nglini shod qilishni niyat qilishi lozim. Zero, amallar niyatlarga ko‘ra bo‘ladi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam hadya ulashishning qanday samaralari borligini shunday bayon qilganlar: Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “O‘zaro hadya ulashinglar, bir-birlaringizga muhabbatli bo‘lasizlar”, – dedilar”. Imom Bayhaqiy rivoyat qilgan.
Ya’ni hadya jamiyat vakillarining o‘zaro mehr-oqibatli bo‘lishga sabab bo‘ladi.
Ikkinchi odob – hadyani qavmu qarindosh va qo‘ni-qo‘shnilardan boshlash.
Hadyani qavmu qarindoshlardan boshlash afzal hisoblanadi. Chunki bu ish silai rahm bo‘lib, o‘rtadagi aloqalarni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi. Shuningdek, hadya ulashishda qo‘ni-qo‘shnilardan va ular orasidan ham avvalo yon qo‘shnilardan boshlash afzal sanaladi. Imom Termiziy rivoyat qilgan hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Qo‘shningga yaxshilik qilgin, mo‘min bo‘lasan”, – deganlar. Ya’ni qo‘shnisiga yaxshi muomala qilgan, yaxshi ishlarida ko‘makchi bo‘lgan kishi komil iymon egasi bo‘ladi. Kishining yaxshi-yomon kunlarida doimo yonida yashaydigan inson uning qo‘shnisi bo‘ladi. Shu ma’noda dastlab qo‘shnisiga hadya berish yaxshilikni o‘ziga yaqin kishilardan boshlash hisoblanadi.
Uchinchi odob – hadyani arzimas sanashdan saqlanish.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam musulmonlarni o‘zaro hadya ulashishga targ‘ib qilib shunday deganlar: Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “O‘zaro hadya ulashinglar, chunki hadya ko‘ngildagi norozilik tuyg‘usini ketkazadi. Biror ayol ham qo‘shni ayolga qo‘y tuyog‘ining yarmini bo‘lsa ham (hadya qilishni) hargiz arzimas sanamasin”, – dedilar”. Imom Temiziy rivoyat qilgan.
Ya’ni o‘zaro hadya ulashish jamiyat vakillari orasida o‘zaro mehr-oqibat rishtalarining bog‘lanishiga sabab bo‘ladi. Shuning uchun hadya beruvchi ham, uni oluvchi ham hadyani aslo arzimas sanamasligi lozim bo‘ladi. Chunki hadya beruvchi agar uni arzimas sanasa, odatda hadya berilmay qolib, undan ko‘zlangan maqsad hosil bo‘lmay qoladi. Hadyani qabul qiluvchi ham berilgan hadya har qancha oddiy bo‘lmasin, aslo arzimas sanamasligi kerak.
Shuningdek, hadyani yoki beruvchisini kamsitadigan gaplarni hazillashib gapirishdan ham qat’iy ravishda tiyilishi lozim bo‘ladi. Chunki bunday qilish oralarini buzish uchun shaytonga imkoniyat eshigini ochish bo‘ladi. Shuning uchun undan tiyilish vojib bo‘ladi.
To‘rtinchi odob – hadyani qaytarmaslik.
Hadyani qabul qilish do‘stlik ramzi va hadya beruvchini hurmat qilish belgisi bo‘ladi. Hadyani qabul qilmay qaytarish esa berilgan hadyani yoqtirmaslik yoki hadya beruvchini kamsitish kabi ma’nolarni ifodalaydi. Bu esa o‘rtada sovuqchilik tushishiga sabab bo‘ladi. Shuning uchun ham hadisi sharifda hadyani qaytarmaslikka alohida buyruq kelgan: Abdulloh roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Hadyani qaytarmanglar va chaqiruvchini(ng) (chaqiruvini) qabul qilinglar va musulmonlarni urmanglar”, – dedilar”. Bayhaqiy rivoyat qilgan.
Ammo hadyani qabul qilmaslik joiz bo‘lgan o‘rinlar ham bor. Masalan, agar berilgan hadyani pora o‘rnida berilganini bilsa, yoki berilgan hadyadan ko‘prog‘ini undan “undirish” yoki boshqa biror g‘arazli niyatini amalga oshirish ilinjida berayotganini sezsa, hadyani qabul qilmaslik mumkin bo‘ladi.
Beshinchi odob – hadya beruvchini taqdirlash
Hadya olgan kishi hadya beruvchiga tashakkur aytib, uni mukofotlashi ham sunnat hisoblanadi. Quyidagi hadis bunga dalildir: Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam hadyani qabul qilar edilar va unga ko‘ra taqdirlar edilar”. Imom Termiziy rivoyat qilgan. Ya’ni Nabiy sollallohu alayhi vasallam hadya beruvchini bergan hadyasidan afzali bilan yoki o‘shaning mislidek narsa bilan taqdirlaganlar.
Oltinchi odob – hadyani munosib vaqtda berishga harakat qilish
Hayit bayramlari singari ulug‘ kunlarda hadya berish undan ko‘zlangan maqsadning samaralari yanada ziyoda bo‘lishiga sabab bo‘ladi. Shunga ko‘ra, ana shunday ulug‘ kunlarda hadyadan ko‘proq shodlanadigan insonlarni hadya bilan sevintirish afzal ishlardan sanaladi. Hadya berishda dastlab ota-ona va ustozlar singari ulug‘ zotlardan boshlash ham hadya odobiga kiradi.
Shuningdek, hadya berishda munosib o‘rinni tanlashga ham e’tibor qaratiladi. Imom Buxoriy rivoyat qilgan hadisda: “Sahobalar hadyalarini Nabiy sollallohu alayhi vasallamga Oisha onamizning kunlarida berishga harakat qilar edilar. Chunki ular u zot alayhissalomning Oisha onamizga bo‘lgan muhabbatlarini bilar edilar”,-deyilgan.
Ettinchi odob – munosib hadya tanlash.
Munosib hadyani tanlab berish ham hadyaning muhim odoblaridan biri sanaladi. Shu ma’noda kimgadir kiyim, kimgadir mol, kimgadir kitob va boshqa hadya qilinadigan kishining tabiati va holatiga qarab u yaxshi ko‘radigan munosib hadya tanlashga harakat qilish lozim bo‘ladi. Sakkizinchi odob – hadyani minnat qilmaslik.
Hadya beruvchiga bergan hadyasini minnat qilmasligi vojib bo‘ladi. Chunki minnat qilish hadyaning savobini yo‘q qiladi. Qur’oni karimda sadaqa qiluvchilarga qarata shunday buyruq kelgan: “Ey iymon keltirganlar! Sadaqalaringizni minnat va ozor berish bilan, Allohga va oxirat kuniga iymon keltirmasa ham, kishilarga riyo uchun molini nafaqa qilganga o‘xshab bekorga ketkazmang”("Baqara" surasi, 264-oyat).
Ushbu buyruq sadaqa qiluvchilarga qarata aytilgan bo‘lsa-da, hech shak-shubhasiz, hadya qiluvchilarga ham taalluqli hisoblanadi.
Alloh taolo barchamizni o‘zaro mehr-oqibatli bo‘lishimizga sabab bo‘ladigan amallarni ado etish baxtiga musharraf qilsin.
Olamlar Robbisiga hamdu sanolar, Payg‘ambarimiz Muhammad Mustafoga hamda u zotning oilalari va sahobalariga salavot va salomlar bo‘lsin!
Manba: azon.uz