Bugun 26 dekabr, 2024 yil, payshanba

КИР

Uylanishdan qo‘rqadigan yigitlar

Uylanishdan qo‘rqadigan yigitlar

Qolaversa, kishining baxti, xotirjamligi va shodligi, eng avvalo, uning oilasi bilan bog‘liq. Oilaviy baxt — kishining jamiyatdagi o‘rni, mavqe’ini belgilash bilan bir qatorda, uning uzoq va sog‘lom hayot kechirishini ham kafolatlaydi. Hech e’tibor berganmisiz, notanish davralarga tushib qolganimizda yoki do‘stu birodarlar bilan uchrashib qolganimizda dastlabki savol-javoblar oila va farzandlar bilan bog‘liq bo‘ladi: 

— Turmush qurganmisiz?.. 

— Farzandlardan nechta?.. 

Ish, o‘qish, jamiyatdagi boshva yutuqlar keyingi o‘rinlarda so‘raladi. Basharti, oilaviy hayoti tugal-to‘kis bo‘lmagan kishining karyerasi, ishdagi mavqe’i baland bo‘lgan taqdirda ham, elimiz undaylarni yoqlamaydi. To‘g‘ri, kasb-kori ortidan obro‘ topish yaxshi, ammo bolajon o‘zbek xalqi baxt deganda o‘g‘il-qizli xonadonni, eriga bosh egib xizmatga shaylangan ayoli, ahli ayoliga mehribon bo‘lgan erkagi bor oilani tushunadi. Bejizga o‘zbegimiz “Yigitning kelinchagi, ayolning belanchagi bo‘lsin” deb niyat qilmaydi. 

Zamonamizga kelib xorijiy mamlakatlarning o‘ziga xos “madaniyat”i ta’sirida ayrim yigit-qizlarimiz dunyoqarashida milliyligimizga yot qarashlar shakllanyaptiki, pirovardida ayrimlar “karyera qilishim kerak, o‘zimni o‘nglab olishim kerak” degan bahonalar bilan turmush qurishni paysalga solishni o‘rganganlar. Ularning fikriga ko‘ra oila qurish karyeraga xalal berar emish. Xo‘sh, aslida ham shundaymi? 

Bo‘ydoqlikda boylik yo‘q - deydi donishmand xalqimiz. Bunday olganda karyera qilish, kasb-kori ortidan nufuz ortirrishdan asosiy maqsad to‘kin va farovon hayot qurish demakdir. Ammo yolg‘izlikda topgan mol-davlatda baraka bo‘lmaydi. Buning ustiga topganingni asrab-avaylab, tejab-tergab ishlatadigan inson bo‘lmasa, ertangi kunga umid uyg‘otadigan farzandlar bo‘lmasa, albatta cho‘ntakka bugun ertalab kirgan pulning kechga borib cho‘g‘i kamayadi. Qolaversa, oila — umid maskani. Har qanday holatda ham oilali odamning ertasi bilan bog‘liq shirin tashvishi bo‘ladi. Ana shu tashvish o‘yida oilali kishi isrofgarchilikka yo‘l qo‘ymaydi. Tejamkorlik bo‘lgan joyda esa baraka, fayz va albatta mehr-oqibat ko‘tarilmaydi. Ayrim yurdoshlarimiz bunday oddiy haqiqatlarni yo bilmaydilar yoki tan olgilari kelmaydi. 

— Balki allaqachon uylanish yoshiga yetib, oila qurishni kechiktirayotgan yigitlarimizga topayotgan puliga begonaning (ularning nazarida xotin begona) sheriklik qilishi yoqmas?- deydi Toshkent shahrilik mushtariyimiz Feruza Matkarimova.- Bunday xulosaga kelishimga sabab mahallamizda o‘ttiz besh yoshlarga borib qolgan, nufuzli idorada ishlaydigan, qo‘sh diplomli, bir necha marta xorijiy davlatlarda malaka oshirgan yigit bor. onasidan “qachon kelin tushirasiz?” deb so‘rasa, ayol xijolat bo‘lib, “o‘g‘limga bu haqida gapirib bo‘larmidi? Uni bu deydi, buni u deydi, uchrashgan qizlaridan ayb topaveradi. O‘zim ham qachon shu o‘g‘limdan xotirjam bo‘laman, deb yurak-bag‘rim o‘rtanib ado bo‘ldim”, deydi. U uylansa mahallamizda tagli-tugli, oliy ma’lumotli, aqlli qizlar ko‘p. Ammo negadir noma’lum sabablarga ko‘ra uylanishni paysalga solib yuribdi. Har kuni ertalab savlat to‘kib xizmat mashinasida ishga boradi. Uka-singillarining bolalari maktab yoshiga yetgan, yigit ularga havas ham qilmaydimi, deyman. Hatto mahallamizda “falonchining yashirincha uylanib olgan xotini bor ekan, bir beva xotinga uylangan ekan” degan gap-so‘zlar ham chiqdi. Eng achinarlisi, undan o‘rganib 22-23 yoshli boshqa yigitlarimiz ham, avval karyera qilay, o‘zimni tiklab olay, uy-joy, moshina qilib so‘ng uylanaman, deydigan bo‘lgan... 

Payg‘ambar alayhissalom bir hadislarida shunday marhamat qilganlar: "Nikoh mening sunnatimdir, kim sunnatimdan voz kechsa, u mendan emas"(ya’ni ummatimdan emas). Yana bir muborak kalomda “Nikoh bilan ko‘payishinglar, zero baraka nikohdadir” deyish bilan ham Payg‘ambar alayhissalom ummatlarini oila qurishga da’vat etganlar.

Rivoyat qilishlaricha bir yigitning ota-onasi qazo qilib, ahli salaflarning biriga shogird tushib, uning xizmatida umrguzaronlik qilib yurar ekan. Ustozi piri komil shogirdining uylanish yoshiga yetganini bilib, uni o‘ziga yaqin xonadonning qiziga nikohlamoqchi bo‘libdi. Shogird uylanishga qizga beradigan mahri, uy-joyi, oila tebratishga imkoni yo‘qligini aytish bilan ustozining taklifini rad etmoqchi bo‘libdiyu, “Shunday piru komil oldida men kim bo‘libmanki, ularning taklifiga e’tiroz bildirsam” degan andishada tilini tishlabdi. Tez orada ustoz nikoh marosimi taraddudiga tushibdi. Bir qo‘chqor, besh- o‘nta nonu, bir siqim mayiz bilan to‘y o‘tibdi. To‘y munosabati bilan qabila oqsoqoli kelin – kuyovga yer beribdi, uni ko‘rgan qabilaning boshqa badavlat kishilari ham yosh oilaga o‘z yerlaridan tuhfa qilishibdi. Ustoz bir qo‘y va bir echki to‘yona qilibdi. Xullas, egnidagi bo‘z ko‘ylak ishtonidan boshqa hech vaqosi yo‘q qashshoq yigit nikoh sharofati bilan ham juftlik, ham yerlik va ham oilalik bo‘libdi. Quvonchi ichiga sig‘may ustoziga minnatdorchilik bildirib ta’zim bilan shunday debdi: 

— Ustoz, menga uylanasan, deganingizda juda tashvishga tushgandim. Nikoh bilan mening rizqimga ham baraka qo‘shildi. Sizdan benihoya minnatdorman. Shuncha payt qashshoqligimdan cho‘chib uylanishni orzu qilmagandim, uylanish barakaning boshi ekan... 

Rivoyatdagi hikoyat lo‘nda: Baraka, farovonlik va xotirjamlik — nikohda. 

Qolaversa, oilaviy nikoh farzandlar bilan barakotli bo‘ladi. 

Oila qurishni paysalga solish yoki mol dunyosi ozligini bahona qilib uylanishdan qochishni dinimiz ham, elimiz ham yoqlamaydi. Nikoh bilan turmush qurgan kishilarning rizq-ro‘zini Yaratganning o‘zi ziyoda qiladi. Shuningdek, nikoh, uylanish kishini fohisha ishlardan, yomonliklardan asraydi. Nikoh asosida oila qurish bilan inson nasl-nasabi pokligini saqlab, avlodini davom ettiradi. Umuman olganda ish, o‘qish va hokazolar vajidan oila qurishni paysalga solish maqbul ish emas. Diniy manbalarda dalolat qilinishicha, payg‘ambar alayhissalom uylanish uchun nikohda tenglik bo‘lishi, iymoni go‘zal, soliha, er va uning yaqinlarini hurmat qiladigan, xushro‘y va albatta farzand ko‘ra oladigan qizga nikohlanishni ta’kid etganlar. Chindan ham oilani, oilali insonni farzandsiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Farzand kishi dunyoqarashini o‘zgartiradi. Hayotga, kelajakka bo‘lgan umidni ulg‘aytiradi. Bejizga dorbozlar dor o‘ynayotib “...Gar farzanding bo‘lmasa, Ne kerakdur molu dunyo barisi...” deb xitob qilmaydi. Karyerasini bahona qilib yoki ko‘nglidagi qiz uchramayotganini sabab qilib oila qurmayotgan yigitlar teng-to‘shlari, yaqinlarining farzandlarini ko‘rib ularning ham shunday shirin bolalari, ular bilan bog‘liq shirin tashvishlari bo‘lishini xoxlamasmikinlar?..

— Xizmat safari bilan Yaponiya poytaxti Tokioda bo‘lganimizda shahardagi “hissiz” manzaradan hayratda qoldim,- deydi O‘zbekiston ob- havoni kuzatish bosh boshqarmasi yetakchi mutaxassisi Gavharxon Mamajonova.- Shahar ko‘chalarida o‘rta yoshlilar va yoshlarga ko‘zingiz tushadi. Umuman yosh bola yetaklagan yoki bog‘cha-maktab yoshidagi bolakaylarni uchratmaysiz. Odamlar go‘yo robotga o‘xshaydi. Ish uy, uy ish. Ora-chorada ovqatlanish, agar o‘sha ham tik oyoqda o‘tib ketmasa. Xullas unaqangi “temir” manzara sababini koordinatorimizdan so‘rashga jazm qildim. Uning aytishicha, yapon yoshlari karyerasini yo‘lga qo‘yish, ishda ma’lum muvaffaqiyatlarga erishish uchun o‘ttiz yoshlardan oshib, o‘ttiz besh- qirq yoshlar atrofida oila qurar ekan. Oila qurgan taqdirda ham farzand ko‘rishni o‘ylab, chamalab rejalashtirishar ekan. Balki shuning uchun ham Tokiodagi odamlar qiyofasi sovuq, hissiz va befarqmikan, degan mulohazaga ham bordim. Oilasi va farzandlari bo‘lmagan odam befarq va umidsiz bo‘lib qoladi. Isroilda bo‘lganimizda esa Yaponiyadagi ahvolga butunlay ters holatga guvoh bo‘ldik. Poytaxt ko‘chalarida go‘dagini aylantirgani olib chiqqan onalar, farzandlari bilan yetaklashib yurgan otalarni ko‘rib ko‘zingiz quvnaydi. Xiyobon, istirohat bog‘lari kechki payt va dam olish kunlari bolalarini olib chiqqan ota-onalar bilan gavjum bo‘lar ekan. Koordinatorimiz yahudiylarning oilaparvarligini alohida e’tirof etib, bu millat vakillari balog‘atga yetgach albatta oila qurishini va kamida ikkita farzand ko‘rishi majburiy ko‘nikmaga o‘xshagan qoidaga aylanganini gapirdi. Yahudiy oila boshliqlari-erkaklar bo‘lsa-da, ularning ayollari qattiqqo‘lroq, balkim shu sababdanmi ularda oilasiga xiyonat qilish kam kuzatilar ekan. Umuman olganda dunyoning kamdan kam mamlakatlari aholisda kuzatiladigan holat — oilaparvarlik, farzandlarni sevish, oilani, turmushni har narsadan ustun qo‘yish xususiyatlari yahudiy millatida kuchli ekan... 

Oilaviy nikoh — mo‘’jiza 

Mo‘’jiza bo‘lganda ham har kuni qandaydir yangi to‘siqlarni oshib o‘tishga undaydigan, yoningdagi insonning o‘ziga xos yangi qirrasini kashf ettirishga sabab bo‘ladigan va xayrixohlikni, kechirimlilikni o‘rgatadigan ilohiy mo‘’jiza hisoblanadi. Masalan inson turmush o‘rtog‘ini sevsa, uning ehtiyojlarini hisobga oladi va uning uchun yashashga intiladi. Kimdir uchun yashayotgan, o‘zini kimgadir kerak deb bilgan kishi esa avvalo o‘zini, hayotini qadrlay oladi. 

— Qirq yoshlar atrofidagi bo‘ydoq bir tanishim yolg‘izlikda yashashga ko‘nikib qoldi, chog‘i, -deydi hamkasblarimizdan biri.- Unga uylanib, bola-chaqa orttirishini, oilaviy hayot chinakam baxt tuyg‘ularini in’om etishini tushuntirishga urinsam, oilali do‘stlarining turmushini, ularning xotinlari bilan munosabatini ko‘rib oila qurishdan ko‘ngli qolib ketganini aytadi. Shunaqasi ham bo‘lar ekan-da... 

Ha, taassufki bunaqalar hozir juda ko‘payib ketgan. Avvalo inson hayotda qo‘rqib yashamasligi kerak. Har kimning o‘z hayoti, o‘z taqdiri bo‘ladi. Do‘stlarining hayoti tekis kechmagan bo‘lsa, bu uning taqdiri ham shunday qaltis bo‘ladi, degani emas-ku. Qolaversa, oila — insonni ezguliklar ijod qilishga o‘rgatadigan muhit. Yoningda seni tushungan, sen tushungan, seni qadrlagan, sen ko‘ngil qo‘ygan jufting bo‘lishi, kulgularidan jannat iforlari taralayotgan beg‘ubor bolalaring bo‘lishi eng oliy BAXT. Shu bilan birga nikoh bilan oila qurib ko‘payish Allohning amri va Payg‘ambarimizning sunnati hisoblanadi. Buyuk Zotning xohishiga qarshi borib, isyonkor bo‘lishdan O‘zi asrasin. 

Yangi hayot ostonasida turgan barchaga mustahkam va saodatli oilaga egalik qilish, ma’rifatli, ahli solih farzandlarni dunyoga keltirib tarbiyalash bilan jamiyat rivoji, mamlakatning har tomonlama yuksalishiga hissa qo‘shish nasib etsin. 

Umida AZIZ

Kiritildi: 07:15 09.11.2020. O'qildi: 10345 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!