Bugun 6 mart, 2025 yil, payshanba

КИР

Uyidan qochgan qizlar. Ularni «ko‘cha qizlari» deb haqoratlamang

Uyidan qochgan qizlar. Ularni «ko‘cha qizlari» deb haqoratlamang

- Tur, ketlaring, bu yerdan! O‘tirishga boshqa joy toplaring!-ko‘chadan «domkom»imizning baqirgan tovushi eshitildi. Hayron bo‘lib, derazadan ko‘chaga qaradim.

- Ha, opa, tinchlikmi?

- Ko‘rmaysizmi, bularni. O‘zimizni «dom»ni skameykasiga xuddi onasinikiga o‘tirgandek o‘tirib olishganini qarang!-battar ovozini balandlatdi domkom.

- Ular kim?

- Kim bo‘lardi? Ko‘chaning qizlari-da...

- Hay-hay, opa, ortiqcha gapirmang... hozir chiqaman!-dedim. Va biror ko‘ngilsizlik bo‘lmasin uchun tezda ko‘chaga otildim.

Yo‘q, adashmagan ekanman. Qizlar domkomni «ko‘chani qizlari» degani uchun «g‘ajish»ga tushishga ulgurishgan ekan. Biri qo‘yib, biri qizarib-bo‘zarib tortishishardi qizlar.

«Hozir milisiya chaqiraman!»-deb chiranayotgan domkomimizni yoshi kattaroqligi uchun tinchlantirdim.

- Boravering, opajon, qizlar bilan o‘zimiz gaplashamiz,-dedim.

Domkom asabi tarang holda uyiga kirib ketdi.

- Xo‘-o‘sh, qizlarjon, ish, o‘qishlar qanday?

- Qanaqa ish, qanaqa o‘qish, opa... «ko‘chani qizlari» bo‘lsak,-dedi biri ham kulib, ham jahllanib.

Qizlar juda yosh, o‘smir edi. Ular bilan xuddi tengdoshdek suhbatlashishga harakat qildim. Qiziqib, ularning yoshini so‘radim. 12, 15 va biri 21 yoshli qizlar ekan.

- O‘zimning chiroyli qizlarim, qaysi «dom»dansizlar?

- Hech qaysi domdan emasmiz, opa. Men, asli shu yaqin tumandanman. Oilamizdagi notinchlikdagn bezikib ketib, shaharga, ijara uyga chiqqandim. Ikki yilcha bo‘lyapti. Kafelardan biriga ishga kirganman. Shu yerda Marina bilan tanishdim. 15 yoshda ekani uchun yordamga muhtojligini ko‘rib, ijara uyimga olib kelgandim. 2-3 oycha bo‘ldi bunga. Yaqinda, ikki haftacha oldin safimizga Niginayam qo‘shildi. Ko‘ryapsiz-ku, hech kimga zarari yetmaydi. Otasi ichkilikka berilib ketgan, onasi esa uydan chiqarib quvlagan ekan. Shu yerda, shaharda yashashadi. Rahmimiz kelib, uniyam ijara uyga olib kelgandik. Marinani-ku, «dugonam, hozir ketadi», deb eshikni taqillatib kelgan ijara uy egasini aldab kelganman. Shunga majbur edim. Niginaga kelsak, buniyam ijarachi ekanini bilib qoldi. Hozir har uchalamizniyam uyidan chiqarib quvdi,-asabiylashgan ko‘yi so‘zlardi o‘zini Sarvinoz, deb tanishtirgan qiz,-etmaganiga, anavi ayolning bizni «ko‘chani qizlari» deb shu o‘rindiqdan ham haydashini qarang.

- Nigina juda yosh hali, ota-onasi so‘roqlamadimi? Marinani-chi?-so‘radim.

- Yo‘q, opa! Men saharda chiqib ketib, kechasi soat o‘n ikki-birlarda ishdan qaytaman. Uy egasi qiziqib, bizning nima ish bilan shug‘ullanishimni so‘radi. Oilamizdan chiqib ketib, tungi klub va kafelarda ishlashimizni aytdik. Marina kunduz kunlari kafe hovlisini supirib, kafellarni yuvib qaytsa, Nigina ijara uyni tozalab o‘tirardi. Uning judayam yoshligi uchun ayaymiz-da... Hammamizni quvib soldi uy egasi. Yoshiga ko‘ra, tez ulg‘aygan Nigina ijaradan haydalganimizda o‘zini ayblayapti. Uni bir o‘zini ko‘chada qoldirolmaymiz. Biz hech qachon buzuqi ishlar qilmaganmiz,-asabi taranglashdi Sarvinozni.

Bir o‘ziga yarasha yuklarining ustida oyoqlarini chalishtirib, bolalarga xos o‘yinqaroqlik bilan o‘tirgan Niginani, bir xo‘mrayib turgan Marinani kuzataman. 12-15 yoshli qizlarning o‘z oilasidan qochib, dugonasi yoki uzoqroq qavmi-qarindoshinikiga tunayotganiga nima deysiz? Ularni uydan nima bezdirayapti ekan?!

- Otam topganini ichimlikka sarflaydi. Har kuni uyimizda janjal, to‘polon. Men bilan onamga: «Pullaringni o‘zlaring top, ko‘chaga chiqlaring!”-deydi. Ko‘chada pul yotganmidiki, biz yig‘ib-terib kelsak. Bezikdim!»-deydi 15 yoshli qiz.

Niginaning ham taqdiri shunday ekan. Xo‘sh, ular kim? Kimlarning farzandi? «Ko‘cha qizlari» deya barmoq bilan ko‘rsatilishga munosibmi shular?

To‘g‘ri, uyidan qochganlarga hech kim osonlikcha ijara uy bermaydi. Hushyor bo‘lish kerakdir, ammo uy egasining e’tiborsizligi hafsalamni pir qildi. Oilasidan mehr-oqibat ko‘rmay chiqib ketgan, yohud yo‘lboshida adashayotgan qizlarni yana quvib solish o‘rnida, ularga ozgina qayishsa, to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatsa, o‘z oilasi bag‘riga qaytishi uchun hovuchgina harakat qilsa, balki shaharda sarson-sargardon bo‘lib yurganlar safi 3-4 taga kamayarmidi?! Axir adashganlarga begona ko‘z va «dushman» nazari bilan qarash ularning jamiyatga nisbatan ham ishonchsizliklarini oshirib yubormasmikin?

Qizlar bilan uzoq suhbatlashdik. Yaxshigina suhbatdosh, mehnatkash, o‘ylovli qizlar ekan. Men o‘yga tusha boshladim: ayni paytda eng to‘g‘ri yo‘l nima? Kun ancha og‘ib qolgan, halizamon kech tushib qoladi, ularning oldidan turib ketsam, uch qiz bu tunni qayerda qarshilashadi? Balki holat yuzasidan huquq-tartibot idoralariga bildirish eng to‘g‘ri yo‘ldir? Ular ota-ona va farzandlar o‘rtasidagi o‘zaro muammolarga yechim topishadi, albatta... Ammo, raqamni terayotgan qo‘llarimni telefondan tortdim. Hozir bu bilan balog‘at yoshidagi voyaga yetmagan qizlarni cho‘chitib qo‘yishim mumkin.

- Qizlar, men och qoldim,-tilimga kelgan so‘z shu bo‘ldi.

- Menda bulochka bor, yangi xola!-zavqlandi Nigina.

«Yangi xola» atamasidan qah-qah otib kulishdik.

- Unda ketdik. Hozir yangi xolaning uyiga kiramiz, avval ovqatlanib, keyin sening bulochkangni yeb qo‘yamiz, xo‘pmi?-dedim kulib.

- Xo‘-o‘o‘p!-qiqirlab kuldi Nigina.

Sarvinoz va Marina «noqulay bo‘ladi, opa! Kun kech bo‘lib qoldi, hali ijara uy izlashimiz kerak»,-deyishdi.

- Birgalashamiz. Ovqatlanib olaylik, keyin o‘ylashamiz!

Ortiqcha e’tiroz bildirishmay, orqamdan ergashishdi. Uyga kirdik. Ovqatlandik. Nigina ham qo‘yarda-qo‘ymay, shirin bulochkasini bo‘lib-bo‘lib berdi.

Bu orada o‘zining roziligi bilan Marinaning onasi bilan gaplashib oldim.

«Moy pyanisa-muj bil doma odin 1–2 mesyasa, i ya ne bespokoila svoyu doch. Pust dochka ne dumayet, chto ya yeyo ne iskala. Ya yey doveryayu. Ya nashla xoroshuyu rabotu i kvartiru v Tashkente. Pojaluysta, pust perenochuyut u vas. Otpravte mne lokasiyu s vashim adresom. Ya uje v puti. Utrom budu v Buxare».

Kech bo‘lganiga qaramay, Niginaning o‘qituvchisi bilan telefon orqali bog‘landim. O‘qituvchisi hayratdan dong qotdi. U Niginaning oilasi notinch ekanini bilar, ammo, ikki haftadan buyon bir marta ham dars qoldirmaganini, holatdan xabari yo‘qligini bildirdi.

Ma’lum bo‘lishicha, oilasidagi notinchliklar sabab shunday-da ham sinfdoshlaridan uyalib yurgan qiz uyidan chiqib qochganini hech kimga bildirmagan. Ammo, darslarni ham qoldirmagan.

Oradan bir soatlarcha o‘tar-o‘tmas, Niginaning o‘qituvchisi eshigimizni qoqib keldi. Uning aytishicha, qizning otasi haqiqatan ham ichkilikka berilgan, hech qayerda ishlamas, onasi esa onkologik kasal ekan.

«Bundan ilgari ham Nigina oilasidagi notinchlik sabab yaqin qarindoshlarinikidan birida yashab kelgan. Manimcha, bemor ona qizidan shu bois, xavotir olmagan, balki... yanayam bilmadim. Bugun ancha kech tushib qoldi. Ertagayoq surishtirib, masalani ijobiy hal qilamiz. Mahalla, maktab, hudud inspektori va oila hamjihatligida otasi bilan ham jiddiy suhbatlashib olamiz. Sizga kattakon rahmat. Niginani hozir o‘zim bilan olib ketaman...»,-dedi o‘qituvchi.

Nigina bilan xayrlashar ekanmiz, uning qo‘liga kitoblar va shirinliklar tutqazdik. Sarvinoz opasini achomlab olgan qizaloq, «yangi xola» bilan «she’rlarimni gazetangizga chiqarib berasiz» shartida xayrlashdi.

***

- Bolaligimda onamdan ayrilganman. Ikki yilcha oldin otamniyam berib qo‘ydik. Akalarim uylangan. Ikki yangam bor,-deya so‘zlayotgan Sarvinoz kutilmaganda jimib qoldi va: - opa, iltimos, mendan boshqa hech narsa so‘ramang,-dedi.-...Ammo, orzularimni siz bilan bo‘lisha olaman. O‘qishga kirsam, deyman. Tarixga qiziqaman. Hozir til o‘rganyapman. Gid bo‘lishni niyat qilganman.

- Oh-ho, zo‘r-ku!

- Ko‘ngil qo‘yganim bor. Meni qo‘llab-quvvatlasa, bas. U kafeda ishlashimni biladi. Ammo, oilamdan chiqib ketganimni ayta olmaganman...

- Unda hech ikkilanma va ayt. Aldama va yolg‘on gapirma. Chunki turmush aldov va yolg‘on poydevorni ko‘tarmaydi. Seni chindan yaxshi ko‘rsa, muammolaring bilan yaxshi ko‘radi. Yo‘qsa, u ertaga sening tashvishlaringgayam yelka tutmaydi...

Oraga sukut cho‘kdi.

- Ertagayoq, aytib beraman... hammasini!

***

Tong saharda ko‘zimizni ochmay turib, Marinaning onasi keldi. Marina sal injiqlik qildi. Shuncha vaqt davomida o‘zidan xabar olmagani uchun onasi bilan janjal ham qildi. Onasining: «Kto u menya yest, krome tebya? Ya jivu tolko dlya tebya»,-degan gapidan so‘ng shashtidan tushdi. Yuklarini yig‘ishtirdi. Bundan keyin Toshkent shahrida ishlab, yashashar ekan.

...Sarvinoz yana ichkarilab, sekin kursiga o‘tirdi. Nimalarnidir o‘yladi. Xayolga cho‘mdi.

- Cho‘chiyapman!

- Nimadan?

- Hammasini aytib bersam, tashlab ketishidan!

- ...qo‘rqma...

- ...Aytishga hali tayyormasman!

- ...

- Opa, bir iltimos qilsam maylimi?

- Mayli...

- 2-3 kunda oylik berishadi. Shungacha siznikida-a-a...

- ...

- Albatta, ijaraga turgan kunlarim haqini to‘lab qo‘yaman.

- Pulingni ehtiyojingga sarfla. Aqlli qiz bo‘lib yur,-dedim kulib.

Sarvinoz xursand bo‘lib, xuddi yaqinlaridek bo‘ynimdan quchib oldi. Uning mehrga tashna ekanini his qildim. Beixtiyor ko‘zlarim yoshlandi. Ko‘nglimdan domkomning «ko‘cha qizlari» degani yodimga tushdi. Sababsiz oqibat bo‘lmas, deganlaridek «ko‘cha qizlari»ining hammasi ham «yomon» emasligini odamlar tushunib yetishsa, yaxshi bo‘lardi.

***

Bu voqealarga 2-3 oy bo‘lgandi. Yaqinda eshik taqilladi. Shundoq ochsam, eshik oldida Sarvinoz va bir yigit. Qo‘limga «yangi xolamga» degan to‘y taklifnomasi. Keyingi paytlarda turmush va ish tashvishlari bilan bo‘lib, bunday quvonchni his qilmagan edim...

Bekatdagi qizlar

Shahar hamisha gavjum. Kimdir u yoqqa, kimdir bu yoqqa o‘z yumushi bilan kuymalanib, shoshib boradi. Bir kuni hamrohim bilan bekatda g‘alati bir voqeaga guvoh bo‘ldik. Har kim o‘z manziliga yetish uchun ulov kutmoqda. Ko‘zlar faqat yo‘lda. Nogoh shu bekatga ikkita yoshgina qiz ham kelib o‘tirdi. Nari borsa, 16-17 yoshli qizlar edi. Ularning yuz ifodasi qanday qizlar ekanini ko‘rsatib turardi. Odob-axloq chegarasidan chiqib ketgan bu qizlar atrofdagilarga parvo ham qilmay, baland-baland ovozda gapirardi.

-Kechagidan qancha haq olding?

-Tushlikkayam yetmaydi,-norozinamo aftini bujmaytirdi.

-Ha, hozir rosa xasis bo‘lgan uning!

- Nimasini aytasan, yana kun-uzun unga vaqt ajratganimni qara...

Ularning bu gap-so‘zlarini eshitib, hamrohim o‘zini tutib turolmadi. Afsuski, hamrohimning ularga bergan tanbehi o‘z ustiga haqorat bo‘lib yog‘ildi...

- San o‘zingni bil, qizlaringni bil! Nima, sani eringni tortib olayapmizmi?

- Qizlar, yoshi katta ayol, onangiz qatoridir, yaxshimas!-dedim.

Qizning o‘zini tutishidan ulov kutayotgan boshqalar ham asabiylashdi. To‘rt tomondan so‘kish va haqoratlar yog‘dirishdi qizlarga.

- Ona?! Qanaqa ona?! Ona degan narsa bormi bu dunyoda!- jahllandi qizlardan biri.

- Bor, bor, onalar bor bu dunyoda!-dedim men o‘ychan.

- Bor, bor, hammada bor ona. Hammada yaxshi ona bor, bir menda yo‘q o‘sha yaxshi ona!-baqirib yig‘lab yubordi qiz notanish kimsalar oldida xuddi o‘zini sudlanayotgandek his qilib.

Qizning o‘zini bu tariqa tutishidan hamrohimning ham yuragi izillab ketdi, shekilli, odamlarga qarab, «jim» ishorasini berdi. Va borib, qizlarning yoniga sekin o‘tirdi.

- Ona qizlarim, qattiq gapirib yubordim, shekilli, bilib-bilmay, meni kechiringlar,-dedi bosiqlik va yumshoqlik bilan.

- Haa-a... o‘zim ham qizishdim, aya. Bizniyam kechiring,-ranglari chaplanib ketgan ko‘zlarini artarkan,- shuyam hayotmi?-dedi o‘zini Jasmina deb tanishtirgan qiz.

O‘zining aytishicha, qizning onasi uni bolaligida tashlab, o‘zi xorijga qochib ketgan. 15 yoshigacha tog‘ayu yangalarining haqoratini eshitib kelgan. Mehnatdan, ishdan qochmagan. Dakkiyu kaltaklariga-da chidagan. Ammo bora-bora oiladagi jirkanch va zerikarli hayot uni o‘zidan beziktirgan.

- Bugun shaharda ijarada yashayman. Hatto, otam tengi erkaklarning ham xiralik qilishiga ko‘nikib qoldim..,-shivirladi Jasmina.

- Qo‘ni-qo‘shni, atrofdagilar bolaligingdan haqoratu kaltaklar ostida yashab kelayotganingdan xabari yo‘qmidi?

- Kimning hozir kim bilan ishi bor. Hatto, qo‘ni-qo‘shnilarning o‘zi meni «tog‘asining yetimchasi» deb masxaralashardi.

Qizning yonidagi dugonasi Durdona esa o‘gay otasi bilan yashar ekan. O‘gay otaning qo‘pol muomalasi tufayli u ham o‘z oilasini tark etgan. Qiz qalbidagi alam, iztirob uni odamlarga nafrat bilan qarashga o‘rgatib qo‘ygan. Ko‘rinib turibdiki, balog‘at yoshi ostonasidayoq adashayotgan qizlarning o‘z oilasini tashlab ketishiga yetarlicha sabablar bor. Oqibati esa ayon.

- Nima, o‘ylaysizlarki, men ham boshqa qizlar qatori oq libos kiyib, kelin bo‘lishni xohlamaganmi? Shirindan-shirin farzandlarim bo‘lishini orzu qilmaganmanmi?-ichikib yig‘ladi Durdona.

Afsuski, qismatning achchiq ko‘rguliklari ko‘plab qizlarimizni «ko‘cha qizlari»ga aylantirib qo‘ymoqda.

«Bu borada tizimli ishlar olib borilmoqda. Uydan qochgan va yaqin qarindoshlarinikiga panoh izlab borgan voyaga yetmagan yoshlar bilan o‘tkazilgan profilaktik suhbatlarning ularning aksariyati notinch oilalar farzandi ekani aniqlangan. Shuningdek, bunday holatlar ota-onasi uzoq muddatga xorij davlatlariga ishlash uchun ketgan va yaqinlari tarbiyasida qolgan bolalar o‘rtasida ham yuzaga keladi. Ayni paytda Buxoro viloyatida 631 nafar ota-onasi uzoq muddatga ketgan, 69 nafar ona-onasi qaramog‘idan mahrum bo‘lgan, 158 nafar boquvchisini yo‘qotgan bolalar bor. Shuningdek, 2113 nafar tarbiyasi og‘ir, 42 nafar ijtimoiy ko‘makka muhtoj bo‘lgan maktab o‘quvchilarining ham ro‘yxatlari shakllantirildi. Og‘ir oqibatlar kelib chiqishining oldini olish maqsadida ichki ishlar organlari, maktab va maktabgacha ta’lim tashkilotlari, mahallalar bilan hamkorlikda qo‘shma qarorlar qilingan»,-deydi Buxoroda viloyati bo‘yicha boshqarmasi axborot xizmati rahbari Farrux Qilichev.

Atrofimizdagilarga, ularning taqdiriga o‘z oilamiz taqdiriga qaragandek e’tiborli bo‘laylik. Ularni «ko‘cha qizlari», «qochoq» va «daydi» deya nuqib ko‘rsatish - jamiyatning og‘riq nuqtalarini battar oshiradi. Shuni unutmaylik!

Laylo Hayitova

Kiritildi: 01:41 05.03.2025. O'qildi: 1404 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!