— Ajrashish uchun sudga bir necha marta ariza berganman. Mana, uch yildirki, ajrasholmadik. Aslida birga yashamayotganimizga olti yildan oshdi. Bir yil avval uylandim, yaqinda farzandli bo‘ldik. Ikkinchi turmushimni qonunan rasmiylashtirishni xohlayman, ammo birinchi xotinim “Uy olib bersang, ajrashaman”, deb shart qo‘ygan. Sud nima sababdan ajrashtirmayapti? Bu vaziyatda nima qilishim mumkin?
Erkin, Toshkent shahri
Murojaatga Fuqarolik ishlari bo‘yicha Mirobod tumanlararo sudi sudsi Caida ABDURAXMANOVAdan javob oldik:
— Mazkur holatda muqaddam sud tomonidan nikohdan ajratish haqidagi da’vo arizangizni qanoatlantirish rad qilingan bo‘lsa, ushbu vajlaringiz bilan hal qiluv qarori qonuniy kuchga kirgan kundan boshlab, kamida olti oy o‘tgandan so‘ng, nikohdan ajratish haqidagi da’vo ariza bilan sudga takroran murojaat qilish huquqingiz mavjud. Shu o‘rinda sizga, turmush o‘rtog‘ingizning turar-joy olib berish evaziga nikohdan ajrashishga rozi bo‘lishi haqidagi talablari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga binoan er xotiniga yohud xotin eriga uy-joy olib berish majburiyati belgilanmaganligi bois sud, nikohdan ajratish haqidagi da’vo arizangizni ko‘rib chiqishda, ishning haqiqiy holatlarini har taraflama, to‘liq va xolisona tekshirib, er-xotin o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarini xususiyatini, nikohdan ajratish masalasi qo‘yilishiga asos bo‘lgan sabablar, er-xotin o‘rtasidagi kelishmovchilikning asl sabablarini aniqlagan holda da’vo arizada keltirgan vajlaringizga huquqiy baho beradi.