Bugun 3 may, 2024 yil, juma

КИР

O‘tganlarning qazosi uchun fidya beriladimi?

O‘tganlarning qazosi uchun fidya beriladimi?

Namoz va ro‘za o‘z vaqtida bajarilishi lozim bo‘lgan, Alloh taolo tomonidan bandalariga farz qilingan amallar jumlasidandir. Qolaversa, qiyomat kunida birinchi bo‘lib so‘raladigan amallardir. Shunday ekan, kishi bu amallarni o‘z vaqtida adosini, vaqtida ado qilmagan bo‘lsa qazosini, buni ham ado qilmasa vafotidan oldin fidyasini berishni yaqinlariga vasiyat qilishi, yaqinlari esa marhumning namoz va ro‘zasini qazolarining fidyasini berishlari farzdir.

Zimmasida Ramazon ro‘zasining qazolari bor kishi vafot etar chog‘ida qazolarining fidyasini to‘lashni vasiyat qilgan bo‘lsa, yaqinlari uning tarafidan har kun uchun bir miskinni to‘ydiradilar. Hanafiylar nazdida marhumning fidya to‘lashga vasiyat qilishi zarurdir. Shofe’iylar nazdida esa vasiyat qilmasa ham yaqinlari uning fidyasini to‘lashlari lozimdir.

Zakotning hukmi ham shu kabidir.

Marhum tarafidan fidyani ado qilishning bir necha masalalari bo‘lib, ularni bilish har bir kishiga zarurdir.

Zimmasida namoz va ro‘zalarining qazosi bor kishiga vafotidan avval ularning fidyasini to‘lashni vasiyat qilish farzdir. Vasiyat qilmay vafot etsa, gunohkor bo‘ladi.

Mayyit fidya to‘lashga vasiyat qilgan bo‘lsa, kafanlash, qabrga qo‘yish va qarzlarini to‘lashdan keyin qolgan bor mol-mulk, uy-joylari qiymatining uchdan biridan uning fidyasini ado qilish farz bo‘ladi. Ado qilinmasa, gunoh bo‘ladi.

Agar marhum fidya to‘lashga vasiyat qilmagan bo‘lsa yoki mol-mulk qoldirmagan bo‘lsa, merosxo‘rlar o‘z ixtiyorlari bilan marhumning fidyasini to‘lashlari ulkan savob hamda mayyitga rahm-shafqat ifodasidir.

Nazr ro‘zalarning fidyalari ham Ramazon ro‘zasining fidyasi kabidir. Masalan, bir kishi ro‘za tutaman, deb nazr qilsayu, tuta olmay vafot etgan bo‘lsa, fidyasi to‘lanadi. Har dushanba va payshanba kunlarda ro‘za tutishni nazr qilgan odam tuta olmay qolgani kabi.

Har payshanba ro‘za tutaman, deb nazr qilsa, biror kun tuta olmay qolsa, qazosi lozim bo‘ladi.

Mayyitning fidyasini to‘lash chog‘ida barchasini bir paytning o‘zida to‘lashga imkon bo‘lmasa, masalan: uy-joy boru, sotib fidyani to‘lash o‘rniga sotmasdan fidyasini to‘lamoqchi, shunda oz-ozdan to‘lash ham mumkin.

Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rahimahulloh
«Mo‘minning qalqoni» kitobidan

Kiritildi: 06:50 22.05.2020. O'qildi: 3129 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!