AQSh prezidenti Donald Tramp ma’muriyati xorijiy gumanitar yordam tizimini tubdan o‘zgartirishga kirishdi. Bu islohotlar doirasida USAID faoliyati qisqartirilib, uning o‘rniga yangi tuzilma yaratilishi rejalashtirilmoqda.
Ma’lum qilinishicha, Davlat departamenti yaqin kunlarda Favqulodda vaziyatlar va gumanitar yordam byurosi tashkil etilishini e’lon qiladi. U yerda 200 nafardan ortiq xodim ishlaydi. Bu esa ilgari USAID doirasida ishlagan 10 mingdan ortiq mutaxassislarga nisbatan juda kam ko‘rsatkich hisoblanadi.
So‘nggi yillarda AQShning xalqaro yordam mablag‘lari keskin kamaydi. Jumladan, 2023 yilda USAID orqali taxminan 43 mlrd dollar yo‘naltirilgan bo‘lsa, ushbu maqsadlar yo‘lida 2025 yilda taxminan 5,4 mlrd dollar sarflangan. Bu o‘zgarishlar esa AQShning tashqi yordam siyosatida jiddiy burilish bo‘layotganini ko‘rsatmoqda.
Tramp ma’muriyatiga ko‘ra, yangi yondashuv yordamni samaraliroq qiladi. Shu maqsadda iqlim va ijtimoiy dasturlar qisqartirilib, asosiy e’tibor inson hayotini saqlab qolishga qaratilmoqda.
Ayrim hollarda yordam iqtisodiy yoki siyosiy manfaatlar bilan bog‘lanishi mumkin. Masalan, AQSh Zambiyada OIV bilan kasallanganlar uchun yordamni cheklash orqali mamlakat resurslariga kirish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda.
Mutaxassislar bunday keskin qisqartirishlar salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkinligini ta’kidlamoqda. Masalan, The Lancet jurnali tadqiqotchilari USAID faoliyati qisqarishi 2030 yilgacha 14 milliongacha qo‘shimcha o‘lim holatlariga olib kelishi mumkinligini aytgan.
Biroq AQSh Davlat departamenti bu fikrlarga qo‘shilmay, yordam to‘xtamayotganini, balki samaraliroq shaklga o‘tayotganini bildirmoqda.
Shu bilan birga, Vashington BMT bilan hamkorlikni kuchaytirib, gumanitar fondga 2 mlrd dollar ajratishni va’da qilgan. Shuningdek, global sog‘liqni saqlash sohasida yangi kelishuvlar ham muhokama qilinmoqda.