AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) Markaziy Osiyodagi faoliyatini to‘xtatgach, uning o‘rnini boshqa davlatlar egallashga harakat qiladi. Xitoy va Rossiya bu bo‘shliqni to‘ldirish uchun o‘z strategiyalarini kuchaytirishi mumkin.
🇨🇳 Xitoy allaqachon mintaqada ta’lim loyihalariga sarmoya kiritmoqda. U fuqarolik jamiyatining o‘z manfaatlariga mos bo‘lgan segmentlarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirishi mumkin.
🇷🇺 Rossiya ham Markaziy Osiyoda o‘z mavqeini mustahkamlashni istaydi. Buning uchun madaniy hamkorlik, iqtisodiy yordam va siyosiy aloqalarni kengaytirishi kutilmoqda.
Biroq, bu strategiyaning muvaffaqiyati ko‘p jihatdan Moskvaning mintaqa davlatlari manfaatlarini hisobga olib, ularga jozibador takliflar bera olishiga bog‘liq.
Garchi Rossiya va Xitoy faoliyatini kengaytirishga tayyor bo‘lsada, USAID boshqa xalqaro tashkilotlar orasida o‘ziga xos mavqega ega edi va uning o‘rnini bosish oson bo‘lmaydi.
Ayrim mintaqa davlatlari USAID ijtimoiy sohaning muhim segmentlarini moliyalashtirib kelgani sababli endi bu masalani o‘z budjetidan hal qilish yoki yangi tashqi moliyaviy manbalar topishga majbur bo‘ladi.
Markaziy Osiyo xavfsizlik bo‘yicha eksperti Rustam Burnashevning fikricha, USAID mintaqada ko‘plab loyihalarni moliyalashtirgan, ammo:
➡️ AQShning bu yordami har doim ideologik maqsadlarga yo‘naltirilgan edi.
➡️ Aholining ko‘pchiligi USAIDning ketishini oddiy xabar sifatida qabul qildi va bu ularning hayotiga sezilarli ta’sir ko‘rsatmadi.
➡️ USAID mablag‘larini olgan, siyosiy va ijtimoiy jarayonlarni tadqiq qilgan ekspertlar va tashkilotlar esa bu holatdan xavotirda.
Burnashevning fikricha, Rossiya va Xitoy bu borada farqli yondashuvni tanlaydi:
«AQSh agentligi faoliyatini kuchli ideologik yuk bilan olib borgan. Rossiya va Xitoy esa bunday yo‘l tutmaydi. Qolaversa, ularning mintaqa bilan tarixiy aloqalari allaqachon mustahkam bo‘lib, hatto Rossiyaga qarshi sanksiyalar ham ularga jiddiy ta’sir ko‘rsatmadi.»
Xitoy va Rossiyaning Markaziy Osiyodagi manfaatlari qanday?
Xitoy siyosatshunosi Chjen I mintaqani katta iqtisodiy, resurs va tranzit salohiyatiga ega hudud deb ataydi. Unga ko‘ra, Markaziy Osiyo hali o‘z imkoniyatlaridan to‘liq foydalana olmagan.
Buning asosiy sabablari:
📌 Tashqi tahdidlar va ichki ijtimoiy-siyosiy muammolar.
📌 Mintaqa davlatlarining notekis iqtisodiy va siyosiy rivojlanishi.
🇷🇺 Rossiya Markaziy Osiyoni o‘z ta’sir hududi deb hisoblaydi va bu yerda o‘z mavqeini mustahkamlashga harakat qiladi. U asosan quyidagi sohalarga e’tibor qaratadi:
✔️ Transport va logistika tizimlari
✔️ Energetika va uglevodorod eksporti
✔️ Harbiy-texnik hamkorlik
Rossiya mashinasozlik sanoati va kosmik texnologiyalarda ham yetakchi rolni saqlab qolmoqda. Masalan, Qozog‘iston kosmik sohasida Rossiya bilan hamkorlikni davom ettirmoqda.
🇨🇳 Xitoy esa iqtisodiy ta’sirini yanada kengroq yo‘nalishlarda rivojlantirmoqchi:
🔹 Markaziy Osiyo tabiiy resurslariga erkin kirish.
🔹 Savdo va investisiyalarni oshirish.
🔹 Transport infratuzilmasini rivojlantirish.
🔹 Xitoy mahsulotlarini Markaziy Osiyo bozoriga kengroq yoyish.
Xitoy va Rossiyaning mintaqadagi rollarini tahlil qilar ekan, Chjen I quyidagicha xulosa qiladi:
«Rossiya Markaziy Osiyoda xavfsizlik kafolatchisi sifatida harakat qiladi, Xitoy esa mintaqada barqaror iqtisodiy rivojlanishni ta’minlashga e’tibor qaratadi.»