Bir yil ichida Moskvada boylar soni 16 nafarga ko‘paydi, shundan 11 nafari reytingda ilk bor qayd etilgan. 2025 yil 7 mart holatiga ko‘ra, shaharda jami 90 nafar milliarder bor.
Forbes ma’lumotiga ko‘ra, dunyo bo‘ylab barcha milliarderlarning umumiy boyligi 3,3 trln dollarni tashkil etadi. Eng boy moskvalik — neft magnati Vagit Alekperov (boyligi 28,7 mlrd dollar). Bu mablag‘ning yarmidan ko‘pi unga «Lukoyl» kompaniyasidagi ulushi hisobiga to‘g‘ri keladi.
Milliarderlar soni keskin o‘sgani sabab Moskva o‘tgan yili u bilan ikkinchi o‘rinni bo‘lishgan Hongkongni ortda qoldirdi. Bu gal Hongkong 72 nafar milliarder bilan uchinchi o‘ringa tushdi. Reytingning doimiy yetakchisi — Nyu York esa o‘tgan yil ichida yana 13 nafar milliarderni qo‘shib oldi. Endi shaharda 123 nafar dollar milliarderi bor. Ularning umumiy boyligi 759 mlrd dollarni tashkil etadi. Ular orasida eng boyi — Maykl Blumberg (boyligi 105 mlrd dollar).
Shu bilan birga, Rossiyadagi eng boy oligarxlarning umumiy boyligi mamlakat aholisining bank tizimidagi barcha jamg‘armalaridan oshib ketdi — 63,3 trln rubl. 2025 yil 1 yanvar holatiga ko‘ra, rossiyaliklar banklarda bor-yo‘g‘i 57,5 trln rubl saqlamoqda.