Bugun 25 noyabr, 2024 yil, dushanba

КИР

Urugvaydagi prezidentlik saylovlarida Yamandu Orsi g‘alaba qozondi

Urugvaydagi prezidentlik saylovlarida Yamandu Orsi g‘alaba qozondi

Urugvayda bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovlarining ikkinchi bosqichida muxolifatdagi “Keng maydon” so‘l-markaziy koalisiya nomzodi Yamandu Orsi g‘alaba qozondi, deb yozadi TASS.

Buni saylov uchastkalarining 81,26 foizi ma’lumotlari qayta ishlanib, Saylov sudi tomonidan berilgan ovozlarni sanab chiqish natijalari dalolat beradi.

Orsi uchun 942 470 saylovchi ovoz berdi. Uning raqibi, hukmron o‘ng markazchi Milliy partiyadan nomzod Alvaro Delgado 898 767 nafar ovoz oldi.

Delgado saylovdagi mag‘lubiyatini tan oldi va raqibini tabrikladi. Urugvayning amaldagi prezidenti Luis Lakalye Pou ham Orsini g‘alaba bilan tabrikladi.

2015 yildan 2024 yilgacha Kanelones departamenti meri bo‘lib ishlagan Orsi Urugvayda so‘nggi yillarda kuchaygan jinoyatchilikka va mamlakat orqali narkotik moddalar savdosiga qarshi kurash o‘zining ustuvor yo‘nalishlaridan biri deb atamoqda.

Urugvayning sobiq prezidenti Xose Muxika tomonidan qo‘llab-quvvatlangan siyosatchi, shuningdek, yangi ish o‘rinlari yaratish va kam ta’minlangan ishchilarning ish haqini oshirishga va’da bermoqda.

Tashqi siyosatda u mintaqaviy tashkilotlar, jumladan, Janubiy Amerika umumiy bozori (“Mercosur”) doirasida integrasiya jarayonlarini jadallashtirish zarurligini birinchi o‘ringa qo‘yadi.

Urugvayning yangi saylangan prezidentining inaugurasiyasi 2025 yil 1 martda bo‘lib o‘tadi.

Kiritildi: Bugun 17:22. O'qildi: 307 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!