Xalq ta’limi vazirligiga o‘qituvchilarni nashrlar obunasiga majburlanayotganligi haqida ma’lumotlar kelib tushmoqda. Bu haqda XTV matbuot kotibi xabar tarqatdi.
Eslatib o‘tamiz, 2018 yilning 14 avgust kuni “Yoshlarni ma’naviy-axloqiy va jismoniy barkamol etib tarbiyalash, ularga ta’lim-tarbiya berish tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarorining (PQ-3907) 16-bandida o‘qituvchilarni bosma nashrlarga majburan obuna bo‘lishini tashkil etish taqiqlangan.
Shu bilan birga, ish haqidan faqatgina xodimning yozma arizasiga asosan ushlab qolinishi mumkin. Ish haqi faqatgina qonunda ko‘rsatilgan hollardagina (soliqlar undirish, sud qarorlari va boshqa ijro hujjatlarini ijro etish va shu kabi holatlar) xodimning roziligisiz ushlab qolinishi mumkin.
Obuna, kommunal to‘lov va boshqa masalalar bo‘yicha xodimning yozma roziligisiz uning ish haqidan ushlab qolinishi noqonuniydir.
Yuqoridagilarni inobatga olib, xalq ta’limi tizimidagi pedagoglar va o‘quvchi-yoshlar o‘z xohishiga ko‘ra yurtimizda chop etiladigan istalgan ijtimoiy-siyosiy, badiiy, ma’rifiy yoki intellektual gazeta va jurnallarga ixtiyoriy obuna bo‘lishi mumkinligini ma’lum qilamiz.
Nashrlar obunasiga majbur qilinganida o‘qituvchilardan prokuratura organlariga ariza berishlari so‘raladi.