24 sentyabr kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Xitoy mudofaa vazirligi rasmiy vakili Szyan Bin Xitoy va O‘zbekiston o‘rtasidagi, shuningdek, ikki davlat qurolli kuchlari o‘rtasidagi munosabatlar do‘stona xarakterga ega ekanini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, tomonlar o‘rtasidagi harbiy-savdo hamkorligining normal rivojlanishi xalqaro huquq va xalqaro amaliyotga mos keladi hamda hech qanday uchinchi tomonga qarshi qaratilmagan.
Shu tariqa, O‘zbekiston rasman Pokistondan keyin J-10CE samolyotlarining ikkinchi xorijiy buyurtmachisi va operatoriga aylandi.
J-10CE samolyoti Chengdu Aircraft Corporation tomonidan ishlab chiqilgan Xitoyning 4.5 avlod ko‘p maqsadli qiruvchi samolyotining eksport versiyasi hisoblanadi. U havoda ustunlikka erishish, shuningdek, yerdagi nishonlarga zarba berish vazifalarini bajarishga qodir.
Samolyotlar yetkazib berilishi aslida 2026 yil avgust oyi oxirida, O‘zbekiston davlat televideniyesi birinchi marta milliy havo kuchlarining identifikasiya belgilariga ega kamida oltita J-10CE qiruvchi samolyotining tasvirlarini namoyish etganida tasdiqlangan edi. Samolyotlar Qarshi-Xonobod aviabazasida namoyish etildi.
O‘zbekiston tomonidan buyurtma qilingan qiruvchi samolyotlarning aniq soni rasman oshkor etilmagan. Bitta qiruvchi samolyotning taxminiy narxi qurol-yarog‘ va xodimlarni o‘qitishni hisobga olmaganda 40-50 million dollarni tashkil etadi.