Pensiyaga chiqishni 6 yoki 12 oyga kechiktirgan fuqarolarni moliyaviy jihatdan rag‘batlantirish rejalashtirilyapti. Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan tegishli qaror loyihasi jamoatchilik muhokamasi uchun joylashtirildi.
Qayd etilishicha, yuqori daromaddan ijtimoiy soliq to‘layotgan hamda pensiya yoshida mehnat faoliyatini davom ettirayotgan fuqarolarni qo‘shimcha rag‘batlantirish maqsadida 2028 yil 1 apreldan boshlab birinchi marta pensiya tayinlashda ish haqining yuqori chegarasi:
— pensiya hisoblash bazaviy miqdorining 12 baravaridan 13 baravariga;
— 6 oy kech pensiyaga chiqilganda — pensiya hisoblash bazaviy miqdorining 14 baravarigacha;
— 12 oy kech pensiyaga chiqilganda — pensiya hisoblash bazaviy miqdorining 15 baravarigacha oshirish taklif etilyapti.
Buning natijasida hisoblanadigan maksimal miqdoridan ko‘proq oylik oladiganlar 6 oy kech pensiyaga chiqqanda oyiga 277,2 ming so‘mgacha yoki 8 foizga,12 oy kech chiqqanda esa oyiga 554,4 ming so‘mgacha yoki 15 foizga ko‘proq pul olishi mumkin.