Germaniyada 16 yil uzluksiz kasallik ta’tilida bo‘lgan o‘qituvchi ayol bu vaqt davomida to‘liq maosh olib kelgan. Bu haqda Oddity Central xabar berdi.
Shimoliy Reyn-Vestfaliyaning Vezel shahridagi kasb-hunar kolleji o‘qituvchisi 2009 yildan beri kasallik ta’tilida bo‘lib, har oyda muntazam ravishda taxminan 6,1 ming yevro (salkam 90 mln so‘m) maosh olgan. Shu tariqa unga 16 yil davomida taxminan 1 million yevro maosh to‘langan.
Maktabning rahbariyati yangilangach o‘qituvchining chindan ham «tobi qochdi» — ular tibbiy ko‘rikdan o‘tishni talab qilishdi, «ta’tilni yaxshi ko‘ruvchi» o‘qituvchi esa maktabni sudga berdi. Ammo sud maktab foydasiga hukm chiqardi, 2,5 ming yevro sud xarajatini qoplash esa uzoq ta’tildagi o‘qituvchining gardaniga yuklandi.
Ochig‘i sudya ham hayron: o‘qituvchi 16 yil davomida biron marta ham ishga chiqmagani, ammo har oyda tinmay kasallik varaqasini taqdim etib kelganini «tushunarsiz» vaziyat, deb atadi. Germaniya qonunlariga ko‘ra, o‘qituvchilar davlat xizmatchilariga tenglashtirilgan va vaqt bo‘yicha cheklanmagan kasallik ta’tilida to‘liq ish haqi olish huquqiga ega. O‘qituvchi ayolga faqat bir narsa pand berdi — kasallik ta’tili davrida tibbiyotga ixtisoslashgan startap, ya’ni o‘z biznesiga asos solgan, bu esa qonunchilikni jiddiy buzish hisoblanadi.