Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish Isroil parlamenti tomonidan BMTning Yaqin Sharqdagi Falastinlik qochqinlarga yordam va ishlar agentligi (UNRWA) faoliyatini tugatuvchi qonun loyihasini ma’qullaganidan chuqur xavotir bildirdi.
Guterresh yozma bayonotida, agar qonun kuchga kirsa, BMT Bosh Assambleyasi tomonidan vakolat berilgan agentlikning Sharqiy Quddus bilan birga bosib olingan Falastin hududlarida o‘z missiyasini bajara olmasligini ta’kidladi.
«UNRWA bosib olingan hududlardagi falastinlik qochqinlarga yordam ko‘rsatishning asosiy usuli bo‘lib, unga muqobil yo‘q. Bugun Isroil parlamentida UNRWAga oid ikkita qonun qabul qilinganidan qattiq xavotirdaman», dedi Guterrish.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bu qonunlarning amalga oshirilishi falastinlik qochqinlar uchun dahshatli oqibatlarga olib keladi, bu esa qabul qilib bo‘lmaydi. Bosh kotib Isroilni BMT Nizomi va xalqaro huquq doirasidagi majburiyatlarini bajarishga chaqirdi.
Guterrish milliy qonunlar xalqaro majburiyatlarni bekor qilmasligi kerakligini ta’kidladi. U yangi qonun mintaqani beqarorlashtirishi va Isroil-Falastin mojarosini yanada kuchaytirishi mumkinligidan ogohlantirdi.
BMT Bosh kotibining aytishicha, bu masala BMT Bosh Assambleyasi muhokamasiga kiritiladi va u muntazam ravishda vaziyatning rivojlanishi haqida xabardor qilinadi.
Kecha Isroil parlamenti UNRWAning Isroildagi faoliyatini tugatish to‘g‘risidagi qonun loyihasini ma’qulladi.
G‘azo sektoriga hujumlar boshlangan 7 oktabrdan beri Isroil hukumati hujumlarda agentlikning 14 xodimi ishtirok etganini da’vo qilib, UNRWAni obro‘sizlantirish kampaniyasini boshladi.
Isroil ishg‘ol ostidagi G‘arbiy Sohil, Sharqiy Quddus, Livan va Iordaniyadagi qochqinlarga yordam ko‘rsatadigan, aksariyati falastinlik bo‘lgan 30 mingga yaqin xodimi bo‘lgan agentlikni yopish kampaniyasini davom ettirmoqda.