Ukrainaning bir qancha mintaqalarida havo hujumi haqida ogohlantirish e’lon qilingan. Raketa zarbalari haqida ogohlantirishlar Ukraina Harbiy-havo kuchlari tomonidan berilgan.
Havo hujumidan mudofaa tizimlari Dnepropetrovsk, Xmelniskiy, Kirovograd, Lvov viloyatlaridan ishlayotgani xabar qilingan. Xususan, Ukraina havo hujumidan mudofaa kuchlari Rossiyaning ikkita “Kinjal” raketasini urib tushirgani xabar qilingan.
Vinnisa, Nikolayev va Odessa viloyatlari ham qanotli raketalar bilan o‘qqa tutilgani haqida ma’lum qilingan.
Ukraina harbiy-havo kuchlari Kiyev, Jitomir, Xmelniskiy, Lvov va Kirovograd viloyatlari aholisidan maxsus boshpanalarda qolishni so‘ramoqda.
Kiyevda havo hujumi sababli metro harakati to‘xtatilgan va stansiyalar aholi uchun boshpana rejimida ishlay boshhlagan.
Hozircha raketa zarbalari oqibatida qurbon bo‘lganlar va vayronalar haqida ma’lumot berilmagan.
Zarbalar haqidagi xabarlarning asosiy qismi Xmelniskiy viloyati Starokonstantinov shahri hududidan kelmoqda.
Aynan shu yerda Ukraina Harbiy-havo kuchlarining Su-24M front bombardimonchilari joylashtirilgan, ular Britaniyaning "Storm Shadow" qanotli raketalarini tashuvchi sifatida ishlatiladi.
Shu bilan birga, mahalliy jurnalistlardan Kiyev va Poltava viloyatlarida kuchli portlashlar sodir bo‘lgani haqida xabarlar kelmoqda.
Rossiya aviasiyasi Ukraina Qurolli kuchlarining Kirovograd va Dnepropetrovsk viloyatlaridagi obektlariga ham hujum qilmoqda.