Rossiyaning Ukraina ustidan g‘alabasi Pentagonni 2029 yilgacha xarajatni 800 milliard dollardan ham oshirishga majbur qiladi, deb yozdi “Bloomberg” Amerika tadbirkorlik instituti – American Enterprise Institute (AEI) hisobotiga tayanib.
Hujjatda ushbu chora “Rossiyaning Ukrainadan tashqaridagi hujumlarini ushlab turish va qaytarish zarurati bilan asoslangan.
– Bizning xulosamiz shuki, Kiyevni qo‘llab-quvvatlash Amerikaning eng qulay moliyaviy manfaatiga to‘g‘ri keladi, – deyilgan hisobotda. Mutaxassislar fikricha, qisqa muddatli ko‘mak miqdori RF g‘alabasidan keyingi uzoq muddatli xarajatdan ancha kam.
Pentagon Prezident Jo Bayden davrida Ukrainaga yetkazilgan harbiy yordam qiymati 66,5 milliard dollardan oshganini ma’lum qildi.
Avvalroq tashkilotning yuqori martabali mulozimlaridan biri jurnalistlarga ma’muriyat Kiyevga 2 milliard dollardan ko‘p yo‘naltirishga ulgurmasligi, ko‘mak keyingi Prezident – Donald Tramp davrida davom ettirilishi kutilayotganini aytgan.
Matbuot kotibining aytishicha, Qo‘shma Shtatlar Ukrainani qo‘llash maqsadida, jumladan, bayram va dam olish kunlari kecha-yu kunduz ishlamoqda.