Ukrainadagi urushning hududiy yo‘qotishlarsiz tez tugashi mumkin emas, tinchlikka erishish uchun Kiyev Rossiya tomonidan bosib olingan hududlardan voz kechishga majbur bo‘lishi mumkin. NATOning sobiq bosh kotibi Yens Stoltenberg shunday deb hisoblaydi.
"Welt" nashrining yozishicha, Stoltenberg bunday qaror "vaqtinchalik" bo‘lishini ta’kidlagan.
"Agar o‘t ochishni to‘xtatish chizig‘i Rossiya bosib olingan barcha hududlarni nazorat qilishda davom etayotganini anglatsa, bu Ukraina hududni abadiy berishi kerak degani emas," - dedi Stoltenberg.
Uning ta’kidlashicha, Ukraina hududni vaqtincha berish evaziga xavfsizlik kafolatlarini olishi muhim. Bu NATOga a’zo bo‘lish bo‘lishi mumkin, ammo "ukrainlarni qurollantirish va qo‘llab-quvvatlashning boshqa usullari" ham bor.
Stoltenberg Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiyning o‘t ochishni to‘xtatish holatida Rossiyaga hech qanday hududni bermaslik haqidagi talabini qo‘llab-quvvatladi, biroq Ukrainadagi harbiy vaziyat tufayli buning ehtimoli kam deb hisoblaydi: "Bizga o‘t ochishni to‘xtatish chizig‘i kerak va, albatta, bu chiziq ideal holatda hozirda Rossiya nazorati ostidagi barcha hududlarni o‘z ichiga olishi kerak. Biroq, yaqin kelajakda bu unchalik real emasligini ko‘rib turibmiz".
Avvalroq Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Ukraina armiyasi barcha bosib olingan hududlarni mustaqil ravishda qaytarib olishga qodir emasligini aytgan edi.