Farg‘ona viloyati Qo‘shtepa tuman sudi Ukrainaga qarshi Rossiya tomonida urushgan 22 yoshli O‘zbekiston fuqarosini shartli 5 yil ozodlikdan mahrum etish to‘g‘risida qaror chiqardi. Sud hukmida uning og‘ir moliyaviy ahvoli va onasining saraton kasalligi sababli bunday qaror qabul qilgani ta’kidlangan.
Sudlanuvchi aybiga to‘liq iqror bo‘lib, moddiy ahvolini yaxshilash va Rossiya fuqaroligini olish uchun Rossiya Qurolli kuchlari bilan shartnoma tuzganini tan oldi. U 2023 yil oktyabridan boshlab Ukrainadagi Lugansk va Donesk hududlarida jangovar harakatlarda ishtirok etgan va harbiy xizmat uchun medal va Rossiya fuqaroligini olgan.
Sud uni Jinoyat kodeksining 154-moddasi 1-qismi bo‘yicha aybdor deb topdi. Jazoni yengillashtirish uchun uning qilmishidan pushaymonligi va og‘ir oilaviy ahvoli inobatga olindi. Sud qarorga muvofiq, mahkum shartli ravishda ozodlikdan mahrum etildi va unga bir qator cheklovlar qo‘yildi, jumladan:
har oy IIBda ro‘yxatdan o‘tish;
soat 21:00 dan 07:00 gacha uyda bo‘lish;
ko‘ngilochar joylarda bo‘lmaslik.
Avvalroq, O‘zbekistonda shunga o‘xshash ishda Rossiya armiyasi safida jang qilgan boshqa fuqaroga nisbatan ham jazo tayinlangan edi. Urushda 10 dan ortiq ukrainalik askarni o‘ldirganini tan olgan mahkum 4 yil 2 oy ozodlikdan cheklangan.