Ukrainaning g‘arbiy ittifoqdoshlari Moskva va Kiyev o‘rtasida tinchlik bitimi imzolanishi ehtimolini hisobga olib, "kafolat rejasi"ni tayyorlamoqda. Reja ikkita alohida tinchlikparvarlik missiyasini hamda nodir yer elementlari bo‘yicha kelishuv evaziga "AQShning moddiy-texnik mavjudligi"ni nazarda tutadi. Bu haqda Italiyaning La Repubblica gazetasi xabar bermoqda.
Nashrning ma’lum qilishicha, birinchi kontingent Hindiston, Indoneziya, Braziliya va Saudiya Arabistoni harbiylaridan tashkil topishi mumkin bo‘lib, ularni Rossiya va Ukraina chegarasiga joylashtirish ko‘zda tutilgan. Ikkinchi kontingentga esa "ishtiyoqmandlar koalisiyasi" harbiy xizmatchilarini kiritish rejalashtirilgan - ular Ukrainaning Polsha, Bolgariya, Slovakiya va ehtimol Vengriya bilan g‘arbiy chegarasi bo‘ylab joylashtiriladi.
Gazeta xabar berishicha, Buyuk Britaniya, Fransiya, Germaniya, Kanada, shuningdek Italiya Ukrainaning g‘arbiy chegaralarini nazorat qilishni rejalashtirmoqda. Biroq nashr ta’kidlashicha, bu rejani faqat tinchlik bitimi imzolangandan keyingina amalga oshirish mumkin bo‘ladi.
La Repubblica gazetasining xabar berishicha, Rossiya va Ukraina chegarasiga Osiyo va Janubiy Amerikadan tinchlikparvar kuchlarni yuborish rejasi, Rossiyaning NATO harbiylarining Ukrainada bo‘lishini qabul qilmasligiga asoslanmoqda. Bu haqda 12 mart kuni Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov ma’lum qildi va NATO vakillarining mavjudligini Rossiya uchun "tahdid" deb baholadi. Biroq, keyinroq Rossiya Tashqi ishlar vazirligi Ukrainada uchinchi davlatlar qurolli kuchlarining qaysi bayroq ostida bo‘lishidan qat’i nazar joylashtirilishi, bu davlatlarning Rossiya bilan to‘qnashuvdagi bevosita ishtiroki sifatida qaralishini ta’kidladi.