Ukraina hukumati Rossiya bilan olib borilgan uch yillik keng ko‘lamli urush davomida harbiy texnika xarid qilish uchun ishonchsiz xorijiy yetkazib beruvchilarga yuzlab million dollar sarflab, ko‘p mablag‘ni zoye qildi, deb xabar bermoqda Financial Times. Nashr Ukraina Mudofaa vazirligi hujjatlari, hukumat va sud materiallari, shuningdek, qurol sotuvchilari va ishlab chiqaruvchilarga tayanadi.
G‘arbiy ittifoqchilarning yordamiga qaramay, ukrain amaldorlari armiyani zarur texnika bilan ta’minlash yo‘llarini izlashga majbur bo‘lgan, ammo bu har doim ham muvaffaqiyatli bo‘lmagan. FT yozishicha, ba’zida Kiyev kam tanilgan shirkatlarga avans to‘lab, hali ham yetkazilmagan texnika uchun jami $770 milliondan ortiq mablag‘ sarflagan. Boshqa holatlarda esa haddan tashqari yuqori narxlarda sotib olingan qurollar foydalanishga yaroqsiz holatda yetib kelgan. Ayrim yetkazib beruvchilar esa mablag‘larning yo‘qolishini Ukrainadagi ichki kelishmovchiliklar va korrupsiya bilan bog‘lamoqda.
Mudofaa vazirligi hozirda qiymati $309 million bo‘lgan yaroqsiz shartnomalar bo‘yicha avans pullarini sud orqali qaytarib olishga urinmoqda. Yana $460 millionni esa muzokaralar orqali qaytarish rejalashtirilgan.
FT ma’lumotlariga ko‘ra, Ukraina xorijiy yetkazib beruvchilar bilan 30 ga yaqin shunday shartnoma tuzgan. Ulardan biri amerikalik Tanner Kukga tegishli “OTL Imports” kompaniyasi bilan tuzilgan bo‘lib, qiymati 49 million yevroga teng. 2022-yil noyabrida kompaniya 17,1 million yevro avans olgan, ammo Kiyev hali ham o‘q-dorilarni qabul qilmagan. Ukraina bu kompaniyaga qarshi Venadagi arbitraj sudida g‘alaba qozongan, biroq pul hali ham qaytarilmagan.
Yana bir shartnoma 155 mm artilleriya snaryadlariga oid bo‘lib, amerikalik “Regulus Global” kompaniyasi bilan tuzilgan. Ukraina davlat shirkati “Spetstehnoyeksport” bu kompaniyaga 160 million dollardan ortiq avans o‘tkazgan. Ukraina tomonining fikricha, “Regulus” pulni o‘z ishlab chiqarish quvvatlarini oshirishga sarflab, shartnomani buzgan. Kompaniya esa ayblovlarni rad etib, aynan “Spetstehnoyeksport” shartnomani bajarmaganini aytmoqda, chunki aslida $500 million miqdoridagi shartnomaning 30% miqdoridagi avans haqida kelishilgan edi.
Ukrainada bir qator qurol xaridlariga javobgar amaldorlar ishdan olingan, ayrimlariga nisbatan korrupsiya ayblovlari bilan jinoiy ishlar qo‘zg‘atilgan. Hozirda o‘nlab shartnomalar tekshirilmoqda.
Shu bilan birga, ba’zilar xorijiy vositachilar yordamiga murojaat qilish to‘g‘ri qaror bo‘lganini ta’kidlaydi: ular Ukrainaga to‘g‘ridan-to‘g‘ri qurol sotishni istamagan davlatlarda ishlab chiqarilgan o‘q-dorilarni olishga ko‘maklashgan.
“Qurol sotuvchilari — bu o‘lim savdogarlari. Ular faqat o‘z manfaatini o‘ylaydigan, sovuqqon odamlar. Ular adolat nima degan tushunchani bilmaydi. Ular shunchaki: "Meniki omborda bor, xohlasang ol, xohlamasang dushingga sotaman’, deb aytishadi”, — dedi FTga Ukraina sobiq mudofaa vaziri Aleksey Reznikov (2021-yil noyabrdan 2023-yil sentyabrigacha vazir lavozimida ishlagan).
Sobiq vazir o‘rinbosari Denis Sharapovning so‘zlariga ko‘ra, urush boshida yuzlab kichik shirkatlar qurol va o‘q-dori takliflari bilan chiqib, vaziyatdan foydalanishga urinib ko‘rgan. “Men har kuni o‘z biznesini boshlamoqchi bo‘lgan odamlarning o‘nlab tijorat takliflarini olardim”, – dedi u. U Ukraina harbiylarining urush boshidagi holatini “bor narsalar bilan yonayotgan uyni o‘chirishga urinish” deb taqqosladi.