Ukraina Xavfsizlik xizmati (SBU) ma’lum qilishicha, 27-28 iyun kechasi ukrain dronlari Rossiya anneksiya qilgan Qrimda joylashgan «Kirovskoye» harbiy aerodromiga hujum uyushtirgan.
Ma’lumotga ko‘ra, hujum natijasida aviasiya texnikalari, havo mudofaa tizimlari, o‘q-dorilar omborlari, razvedka va zarba dronlari joylashgan hududlar nishonga olingan.
SBU bayonotida aytilishicha, hujum paytida uchta harbiy vertolyot — Mi-8, Mi-26 va Mi-28 hamda «Pansir-S1» zenit-raketali tizimi yo‘q qilingan. Tun davomida aerodromda qayta portlashlar sodir bo‘lgan.
Bayonotda ta’kidlanishicha, ukrain maxsus xizmati «Rossiyaning Ukraina hududiga aviasiya zarbalari berish salohiyatini sistemali ravishda susaytirish ustida ish olib bormoqda».
«Okupasiya qiluvchilar yaxshi tushunib olishlari kerak: ularning qimmatbaho texnikasi va o‘q-dorilari hech qayerda — na front chizig‘ida, na bosib olingan hududlarda, na chuqur orqa frontda — himoyalangan emas», — deyiladi SBU xabarnomasida.
Rossiya tomonidan hozircha hech qanday rasmiy izoh berilmagan.
Avvalroq Ukraina mudofaa vaziri Rustem Umerov Rossiya hududidagi harbiy ob’ektlarga doimiy zarbalar berish uchun o‘n minglab uzoq masofali dronlar xarid qilinishi bo‘yicha yangi shartnomalar tayyorlanayotganini ma’lum qilgan edi. Unga ko‘ra, qaror taxminan ikki hafta avval qabul qilingan va amaliyotlar tasdiqlangan grafik asosida olib borilmoqda.
«Ukraina o‘tgan yili ishlab chiqilgan strategiyaning keyingi bosqichiga o‘tmoqda», — dedi Umerov. «Bu dushmanning tanqidiy infratuzilmasiga uzoq muddatli chuqur zarbalar kampaniyasidir. Barcha yetkazib berishlar jadval bo‘yicha ketmoqda, zarbalar esa har kuni berilyapti». Vazir ta’kidlashicha, hujumlar faqat harbiy ob’ektlarga qaratiladi.