5 noyabrga o‘tar kechasi Rossiyaning Ryazan viloyati uchuvchisiz uchish apparatlari hujumiga uchradi. Zarba oqibatida sanoat ob’ektlarida yong‘inlar yuzaga kelib, elektr ta’minotida uzilishlar kuzatildi.
Viloyat gubernatori Pavel Malkovning ma’lum qilishicha, hujum vaqtida bir kishi jarohat olgan. Shuningdek, elektr uzatish tarmoqlari shikastlangan, ayrim turar joylarga zarar yetgan va maktablardan birining derazalari singan.
Ukraina monitoring kanallari Ryazandagi neftni qayta ishlash zavodida bir nechta yong‘in o‘chog‘i paydo bo‘lganini xabar qilmoqda.
Bundan tashqari, Wildberries kompaniyasiga tegishli logistika omborida ham yong‘in kuzatilgani aytilmoqda.
Mahalliy hokimiyat sanoat ob’ektlarida yong‘in chiqqanini tasdiqlagan, biroq aynan qaysi korxonalar zarar ko‘rganiga aniqlik kiritmagan.
Hozircha hujum oqibatida yetkazilgan moddiy zarar miqdori ma’lum emas.