Bu haqda Donald Trampning maxsus vakili Stiv Uitkoff ma’lum qildi.
"Barchaga ma’lumki, ayrim hududlarda ruslar joylashgan, Zaporoje AES esa Ukrainaga elektr energiyasi yetkazib beradi. Shuning uchun bu masalalar muhokama qilinishi zarur. Shuningdek, portlarga kirish imkoniyati ham muzokara mavzulari qatorida. Bu Qora dengiz bo‘yicha ehtimoliy kelishuv doirasida ko‘rib chiqilmoqda", — deya aniqlik kiritdi Uitkoff.
Uning ta’kidlashicha, Ukraina masalasi bo‘yicha muzokaralarda ijobiy o‘zgarishlar kuzatilmoqda va tinchlik kelishuvi bo‘yicha kelishuvga erishishga umid bor.
Shuningdek, Uitkoff Yevropada ba’zi siyosatchilarning Rossiyani sulhdan bosh tortganlikda ayblashlaridan noroziligini bildirdi.
"Kimdir jarayon haqida aniq ma’lumotga ega bo‘lmasdan shunday baholarni berganida, buni eshitish men uchun afsuslanarli", — dedi AQSh prezidentining maxsus vakili.
Avvalroq Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Jiddada Qo‘shma Shtatlar va Ukraina rasmiylari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan muzokaralarda Zaporoje AES masalasi muhokama qilinganini tasdiqlagan edi.
Bundan tashqari, AQSh prezidenti Donald Tramp ham muzokaralarda Zaporoje AES masalasi ko‘tarilganini bildirgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, AES kimga tegishli bo‘lishi haqidagi qaror sulh e’lon qilinganidan so‘ng, tinchlik kelishuvi doirasida muhokama qilinishi mumkin.