Zelenskiy Ukraina armiyasi oldiga har oy kamida 50 ming nafar rossiyalik harbiyni yo‘q qilish vazifasi qo‘yilganini ma’lum qildi.
Uning aytishicha, bu ko‘rsatkich zamonaviy Rossiya qurolli kuchlarining yirik harbiy korpusi yoki kichik umumqo‘shin armiyasi soniga teng.
"Armiyamizning vazifasi aniq: imkon qadar ko‘proq rossiyalik bosqinchilarni yo‘q qilish. Maqsad ham – oyiga kamida 50 ming kishi. Ishonchim komilki, hatto Rossiya uchun ham bu jiddiy bo‘ladi", — dedi Zelenskiy.
Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, 2025 yil dekabr oyida Ukraina qurolli kuchlari 35 ming nafar rossiyalik harbiyni o‘ldirgan yoki og‘ir yaralagan. Joriy yilning yanvar oyida esa Rossiya qo‘shinlarining hujumlari intensivligi pasaygani sababli, ularning qaytarib bo‘lmas yo‘qotishlari 30 ming kishigacha tushgan. Zelenskiy, shuningdek, Rossiya Donesk yo‘nalishida egallangan har bir kilometr yer uchun “156 nafar askar hayoti bilan to‘layotgani”ni ta’kidlagan.
AQShning Center for Strategic and International Studies (CSIS) baholariga ko‘ra, o‘tgan yil oxiriga kelib Rossiya Qurolli kuchlarining umumiy yo‘qotishlari 1,198 million kishiga yetgan, shundan 325 ming nafari halok bo‘lgan. Faqat 2025 yilning o‘zida halok bo‘lgan va yaralanganlar soni 425 ming kishini tashkil etgan.