Bugun 12 may, 2025 yil, dushanba

КИР

O‘g‘lini asragan belbog‘

O‘g‘lini asragan belbog‘

Vatan tuyg‘usi ong-shuurimizga mehribon onalarimizning maftunkor allasi, oq suti, pok niyati bilan singgan desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Ulug‘ ajdodlarning “Vatanni sevmoq iymondandir”, “Vatan sajdagoh kabi muqaddasdir” degan buyuk hikmatlaridan bahramand bo‘lar ekanmiz, qalbimizda o‘tli bir tuyg‘u paydo bo‘ldi. Vatanni anglash, uni chin qalbdan sevish, unga munosib farzand bo‘lish, nomini ulug‘lash, sarhadlarini himoya qilish, boyliklarini asrab-avaylash haqida o‘ylay boshladik. Bu tuyg‘u fikru zikrimizni egalladi, hayotimizning ma’no-mazmuniga aylandi.

Vatan tuyg‘usi ong-shuurimizga mehribon onalarimizning maftunkor allasi, oq suti, pok niyati bilan singgan desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Tongga qadar bedor beshik tebratgan, go‘dagini yeru ko‘kka ishonmay katta qilayotgan ona “Bolam er yigit bo‘lsin, sher yigit bo‘lsin, alpqomat bo‘lsin, elning koriga yarasin, kindik qoni to‘kilgan joyni yomon ko‘zlardan asrasin, yurtining himoyachisi, elining g‘ururi bo‘lsin”, deb niyat qiladi.

Bu so‘zlar onalarimiz allalarida, ilk bor yod olgan she’rlarimizda, tinglagan qo‘shiqlarimizda, xalq ertaklarida uchraydi. Vatanni sevish bolalik yillarining beg‘ubor sho‘xliklari: uyimiz, bog‘imiz, ko‘chamiz, mahallamiz g‘ururi uchun “kurashgan” paytlarimizdan boshlangan bo‘lsa, ajab emas. Oqsoqollar: “Ona-onangni uyaltirib qo‘yma, mahalla sha’niga dog‘ tushirma, qishlog‘imizdan haligacha yomon odam chiqmagan, sendan ham chiqmaydi”, deyishsa, ko‘nglimizda ajib bir g‘urur uyg‘onib, hayolan katta-kichik qahramonliklarga o‘zimizni chog‘lar edik. Oilamiz, ko‘chamiz, mahallamiz, demakki Vatanimizning yosh himoyachilariga aylanardik.

Vatanni himoya qilish qanday fazilatligini keksalarning el-yurtga tinchlik-xotirjamlik, osmonga musaffolik, xirmonga baraka tilab qilgan duolari, o‘qigan kitoblarimiz qahramonlarining mardliklaridan bilib oldik. Vatanni himoya qilish qo‘lda qurol bilan chegarada hushyor turishgina emas, uning moddiy va ma’naviy boyliklarini, ajdodlardan meros bo‘lib qolgan ezgu an’ana va qadriyatlarni, bag‘rikeng, saxovatli xalqimizning yuksak insoniy fazilatlarini, tilimizni, dilimizni, dinu diyonatimizni, Vatanning gul-rayhonidan tortib oddiy novda-giyohigacha, ona-er bag‘ridan otilib chiqayotgan mitti bulog‘idan boshlab hayqirib oqayotgan daryosigacha asrashimiz, bemavrid dovullardan, g‘animlarning xurujlaridan himoya qilishimiz zarurligi ekan. Vatanni asrash, uni himoya qilish — har bir farzand uchun muqaddas insoniy burch, bu ishga butun vujud, qalb, imon-e’tiqod bilan chog‘lanish, sergak va ogoh bo‘lib yashash ekan.

Istiqlol yillarida hayotimizda yuz bergan buyuk ma’naviy o‘zgarishlardan biri Vatan himoyachilari kunining umumxalq bayrami sifatida nishonlanishi desak, aslo mubolag‘a bo‘lmaydi. Bu qutlug‘ sanani nafaqat harbiy xizmatchilar, ular bilan birga yoshlar, otaxonu onaxonlar, kelinu kuyovlar, Vatan lazzatini endi-endi his qila boshlagan jajji bolakaylar ham bayram qiladilar. Chunki, istiqlol qalbimizda ona-Vatan degan bemisl tuyg‘u, hech narsaga qiyoslab bo‘lmaydigan mangu iftixor hissini uyg‘otdi. Kindik qoni to‘kilgan muqaddas go‘shani sevish, e’zozlash, asrab-avaylashdan ko‘ra muhim ish, burch, mas’uliyat yo‘qligini anglab yetdik. Qo‘shiqda “Vatan bo‘lmas Vatandan tashqarida” deb kuylanganidek, bu ulug‘ beshikning yagonaligi ong-shuurimizga, qon-qonimizga, jon-jonimizga singdi. Vatan ishiga bel bog‘lash yigitlik burchiga aylandi. Tarixan qisqa muddatda mustaqil mamlakatimizning hududiy yaxlitligi, sarhadlarimizning daxlsizligi, xalqimizning tinch va osoyishta hayotini himoya qilishga qodir, jamiyatni yangilash bilan bog‘liq demokratik islohotlarni samarali amalga oshirishning ishonchli kafolati va tayanchi bo‘lgan ixcham, yaxshi ta’minlangan hamda jangovar ruhga ega milliy armiya barpo etildi.

Bugun aziz farzandlarimiz o‘zlarining Vatan himoyachisi sifatidagi muqaddas yigitlik burchini chuqur anglagan holda, yurt ishiga fidoyi, istiqlol g‘oyalariga sadoqatli insonlar bo‘lib voyaga yetmoqdalar.

Jamiyat o‘z oldiga mamlakatda el-yurt tinchligini saqlash, xalqimizning farovon hayotini ta’minlash, imon-e’tiqodi mustahkam, o‘z fikriga ega yangi avlodni tarbiyalashdek ulug‘ maqsadni qo‘yar ekan, bunda inson omili: tashabbuskorlik, fidoyilik, ijtimoiy faollik, fuqaro sifatida Vatan, millat oldidagi burch va mas’uliyatni to‘la his etishi, ya’ni vatanparvarlik va yurtsevarlikni rag‘batlantirish muhim ahamiyat kasb etadi. Chunki Vatan himoyachisi bo‘lish chegarada hushyor turish bilan birga, Vatanning moddiy va ma’naviy boyliklarini, hosildor dala va bog‘larimizni, daryo va ko‘llarimizni, ulug‘ ajdodlardan bizga meros bo‘lib qolgan ma’naviy-axloqiy an’analarni, bag‘rikeng, saxovatli xalqimizning ezgu fazilatlarini, tilimizni, dinimizni, ma’naviy qadriyatlarimizni ham asrash, qo‘riqlash deganidir. Chunki, tinch hayotimizga, ong-tafakkurimizga qilinayotgan tajovuzlar ichida yoshlar ongida milliy tuyg‘uni zaiflashtirish harakatlari ham mavjudkim, buni aslo unutib bo‘lmaydi.

Shu o‘rinda bir xotira yodimga tushadi. Hamqishlog‘imiz A’lamjon ota ikkinchi jahon urushining so‘nggi ishtirokchilaridan biri edi. Odamlar boshiga ne-ne kulfatlar solgan, yeru ko‘kni titratgan, butun boshli shaharlar, qishloqlarning kulini ko‘kka sovurgan, million-million kishilarning yostig‘ini quritgan urushning jamiki dahshatlariga guvoh bu otaxonning hikoyalarini tinglashning o‘zi azob edi.

Yosh A’lamjon urushga jo‘nayotganida onasi o‘z qo‘li bilan tikkan gulli belbog‘ni o‘g‘lining beliga mahkam bog‘lab, “Xudo xohlasa, shu belbog‘ seni balo-qazolardan asraydi, uni aslo yechma”, degan ekan. Onaning niyati ijobat bo‘lib, A’lamjon necha bor o‘lim bilan yuzma-yuz keladi, shundoqqina yonginasida snaryad portlaydi, o‘qlar chiyillab uchadi, qon to‘kiladi, dushman samolyotlari hujumi ostida qoladi, yaralanadi, hushidan ketadi, olov kiyimlarini kuydiradi, jarohatlari azob beradi. Urush so‘ngida, shoir aytganidek, o‘limlarni dog‘da qoldirib, eson-omon uyiga qaytib keladi.

“Onamning so‘zlarini eslab, belbog‘ni belimdan qo‘ymas edim,— deya hikoyasini boshlar edi A’lamjon ota.— Bir yili qish o‘ta qahrli keldi. Izg‘irin ko‘zni ochirmaydi. Okopning ichi qorga to‘lgan. Muzlab qolish hech gap emas. Har ikki tomon bir-birini mo‘ljalga olib, hujum boshlash uchun qulay paytni poylaydi. Komandirlar sovuqdan qaltirayotganlarning og‘ziga majburan spirt quyishadi. O‘sha qishdan o‘lmay chiqishimga shu belbog‘ sababchi bo‘lgan desam, ishonaveringlar. Uni xuddi to‘n kabi yopinib, ikki uchini bo‘ynimdan, yana ikki uchini tizzalarim ostidan mahkam bog‘lab olardim-da, engashib o‘tirardim...”.

A’lamjon ota duoga qo‘lini ochsa, hamisha: “Ilohim u kunlar qaytib kelmasin, biz ko‘rdik, qon kechdik, sizlar ko‘rmanglar, tinchlik-xotirjamlik, to‘kinchilik bo‘lsin, boshlaring to‘ydan chiqmasin”, deguchi edi. Odatda keksalar shunday duo qilishadi. Ammo A’lamjon ota “Biz ko‘rdik, sizlar ko‘rmanglar”, degan so‘zlarni boshqalardan ko‘ra ta’sirchan qilib, ichki bir iztirob bilan aytardi, ko‘zlari yoshlanib, vujudini bilinar-bilinmas qaltiroq, hadik-xavotir egallaganday bo‘lib so‘zlardi. “Eh, sizlar bilmaysizlar-da, ilohim bilmanglar, qancha-qancha odam juvonmarg bo‘ldi, jasadlari dala-dashtlarda qolib ketdi, gunohsiz, qarchig‘ayday yigitlar, tog‘ni urib talqon qiladigan pahlavonlar-a” deguvchi edi.

Har yili Xotira kunida A’lamjon otani yoshlar davrasiga chaqirishsa, urush xotiralarini aytib, o‘zi yig‘lardi, boshqalarni ham yig‘latardi. Uning hikoyalarini tinglaganlar beixtiyor ko‘zlariga yosh olishardi. “Yo‘q, biz yig‘ladik, sizlar yig‘lamanglar, kulib-kulib yuringlar, yaxshi o‘qinglar, olim bo‘linglar, el-yurtning koriga yaranglar, biror kasbning etagidan tutinglar, bo‘sh yurmanglar”, deya yoshlarga nasihat qilardi...

Yillar ikkinchi jahon urushini bizdan nechog‘li uzoqlashtirmasin, uning ma’naviy-jismoniy jarohatlari-yu og‘ir judoliklaridan uzoqlashib bo‘lmaydi. Urush boshlanishi bilan front hududlaridan mamlakatimizga ko‘chirilgan 1 millionga yaqin jabrdiydalarni el-yurtimiz o‘zining qon-qardoshiday, go‘daklarni farzandiday qabul qilgani, oxirgi bir burda nonini ular bilan baham ko‘rgani, ota-onasidan, uy-joyidan ayrilgan norasidalarni bag‘riga bosib, boshpana berib, mislsiz mehr-muruvvat ko‘rsatgani butun dunyoga ayon haqiqat. Har qaysi xalqning odamiyligi va ma’naviy qadriyatlari, mehr-oqibat va olijanobligi ana shunday unutilmas damlarda yaqqol namoyon bo‘ladi.

Bu qirg‘inbarotning sovuq sharpasi kirib bormagan biror xonadonni topish qiyin. Shu boisdan ham ikkinchi jahon urushi janggohlarida qurbon bo‘lgan millionlab odamlar xotirasini yodga olish, bu qonli to‘qnashuvning bugun hayot bo‘lgan, ammo saflari tobora siyraklashib borayotgan qatnashchilariga har tomonlama hurmat-ehtirom ko‘rsatish yoshlar uchun muqaddas burchga aylanishi kerak. Ayniqsa bugun — dunyo chayqalib, odamlarning tinch-totuv hayotini izdan chiqarish, xalqlar orasiga nifoq solish, birini ikkinchisiga gij-gijlash, boyliklariga ko‘z olaytirish harakatlari davom etayotgan bir paytda tinchlik, osoyishtalik, xotirjam hayot, musaffo osmonning qadri haqida yanada ko‘p va ta’sirchan gapirish, el-yurtni ogohlikka chaqirish, bugungi zavqli, tarovatli hayotimizni e’zozlash, asrab-avaylashga da’vat etish g‘oyat zarur. Bu ish mavsumiy bo‘lmasligi, aksincha, ta’lim-tarbiya, targ‘ibot-tashviqot ishining markazida turmog‘i lozim.

Bugun yurtimizga kelayotgan mehmonu sayyohlar, rasmiy kishilar, ilmiy anjumanlarning ishtirokchilari mustaqil O‘zbekistonning eng katta boyligi yurtimizdagi tinchlik-xotirjamlik, turli millat vakillarining o‘zaro ahil-inoqligi, do‘st-qadrdonligi, bir-birlariga ko‘rsatayotgan hurmat-ehtiromi ekanini alohida qayd etmoqdalar. Dunyo turli harbiy, iqtisodiy taloto‘plar bilan to‘lib-toshib, qanchadan-qancha begunoh odamlar urush harakatlari bois tug‘ilib o‘sgan joylarini, bolalarining beshiklarini tashlab, ko‘ch-ko‘ronni yelkalab, boshqa joylarga ketishga majbur bo‘layotgan bir paytda, bunday tinch, barokatli, mehr-oqibatli joylarni borib ko‘rish hissi kuchayadi. Odamlar mehnat qilib, ulkan rizq-ro‘z xirmonlari yaratayotgan, halol mehnati samaralaridan bahramand bo‘lib, yaratgan egamga shukronalar aytib yashayotgan, yanada yorug‘, farog‘atli kunlarni orzulayotgan, davlat odamlarning bu orzulariga har jihatdan peshvoz chiqayotgan, har bir fuqaro tili, millati, jinsi, diniy e’tiqodi, ijtimoiy kelib chiqishidan qat’i nazar, bir xil huquq va erkinliklarga ega bo‘lgan, bu huquq va erkinliklar qonun yo‘li bilan himoyalangan mamlakatlar safida bugun O‘zbekiston deb atalmish kelajagi buyuk davlat ham bor.

Bugungi kunda yaqin atroflarimizda va uzoq hududlarda ijtimoiy-siyosiy ziddiyatlar kuchayib, turli mojaro va qon to‘kishlar davom etayotgan, terrorizm, ekstremizm, odam savdosi va narkotrafik kabi illatlar xavfi keskinlashib borayotgan bir paytda bunday balo-qazolarni ostonamizga yaqinlashtirmaslik, yurtimizda hukm surayotgan millatlar va fuqarolararo hamjihatlikni saqlab qolish, “Bizga tinchlik va omonlik kerak” degan ezgu da’vatga qat’iyan amal qilishimiz zarur.

Taqdir taqozosi bilan uzoq yillar xorijda istiqomat qilgan, boshiga muhojirlikning adoqsiz azoblari, sarson-sargardonliklari tushgan, ona-yurt sog‘inchi vujudini tilkalagan vatandoshimiz Sobirjon ota o‘zi tug‘ilib o‘sgan shaharga, kindik qoni to‘kilgan hovliga qaytib kelganida sodir bo‘lgan bir voqea sira yodimdan chiqmaydi. Uning aytishicha, o‘zi kabi xorijda qolib ketgan kishilar Vatan haqida gap boshlandi deguncha, boshlaridagi eskib, naqshlari unniqib ketgan do‘ppini qo‘llariga olib, ko‘kraklariga bosishar ekan. “Shu do‘ppidan boshqa hech narsamiz yo‘q” deyishar ekan.

Sobirjon ota tug‘ilib o‘sgan hovlilaridan sal nariroqdagi, bolaligida qo‘y-qo‘zi o‘tlatib yurgan, erta bahorda qor tagidan boychechak mo‘ralaydigan tepalikni tomosha qilgani borsa, odamlar uni kovlab, tuprog‘ini mashinalarda uylariga tashiyotganmish. Jon holatda: “Hoy, to‘xtanglar, nima qilayapsizlar, axir bu tepalik o‘tmishning jonli guvohi, ota-bobolaringizning izi, ko‘zi, oyoq izi tushgan joy-ku, buzmanglar”, deya shovqin ko‘tarib, hammani hayron qoldiradi. Bu voqeani qadimshunos olimlarga aytib berganimda, ular mamlakatimizning janubiy hududlarida saqlanib qolgan tepalik, sardoba, ko‘prik va boshqa imoratlar haqida benihoya qiziqarli, o‘rganish, xotirada saqlash, tadqiqotlar olib borishga arzirli ma’lumotlarni aytib berishdiki, mening ham hayratim oshdi, uyiga tuproq tashiyotgan hamqishloqlarining yo‘lini to‘sgan vatandoshimizning kuyunchakligini tushundim. Shoir aytganidek, Vatan bog‘ining har yaprog‘i, soyining har toshi, dalasidagi xas-xashakkacha, o‘tlog‘idagi giyohidan to qadim bino peshtoqidagi sopol naqshgacha — Vatan ekan. Moziyga taalluqli jamiki narsalarda Vatan ruhi, ajdodlar xotirasi mavjud bo‘larkan, ularni asramoq, avaylamoq biz — bugungi avlodlarning burchimiz ekan. O‘tmishga hurmat ko‘zi bilan qarasak, xalqimizning shu kunlargacha omon-eson yetib kelgan urf-odatlarini unutmasak, bu muqaddas boyliklarni yangicha ma’no-mohiyat bilan to‘ldirib, boyitib, aziz farzandlarimiz, nabiralarimiz qalbiga, dunyoqarashiga, turmush tarziga singdirsak, ularni shu qutlug‘ ruhda tarbiyalasak, xalqning o‘tmishi, buguni va kelajagini o‘zaro tutashtirgan, el-yurtni yanada farovonlikka eltuvchi ma’naviy ko‘priklarni mustahkamlagan bo‘lamiz.

Ahmadjon Meliboyev,

"Ma’rifat" targ‘ibotchilar jamiyati a’zosi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist

Kiritildi: 16:42 09.05.2025. O'qildi: 670 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!