Ugom-Chotqolda meteorologik stansiya xodimi harbiylar ko‘magida muvaffaqiyatli evakuasiya qilindi. Bu haqda Mudofaa vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, 5 yanvar kuni “O‘zgidromet” rahbariyati tomonidan Mudofaa vazirligiga Toshkent viloyati hududidagi Ugom-Chotqol tog‘ tizmasining borish qiyin bo‘lgan, murakkab relefga ega hududida joylashgan “Oygaing” yuqori tog‘li meteorologik kuzatuv stansiyasida xizmat olib borayotgan xodimi og‘ir ahvolda qolganini ma’lum qilib, uni Harbiy havo kuchlari yordamida evakuasiya qilish zarur ekanligi bildirilgan.
Shundan so‘ng Mudofaa vazirligi harbiy-havo kuchlarining navbatchi qidiruv-qutqaruv vertolyoti yordamida tungi vaqtda qutqaruv tadbirlari amalga oshirilib, xodim tezkorlik bilan Chirchiq shahridagi tibbiyot muassasasiga yetkazilgan va shifokorlar tomonidan unga o‘z vaqtida tibbiy yordam ko‘rsatilgan.