Portugaliyalik futbolchi Krishtianu Ronaldu UFC 308 turniri oldidan Iliya Topuriya Maks Xolloueyga yutqazishini taxmin qilgandi.
"Menga Maks yoqadi, unga muxlislik qilaman. Topuriya juda ko‘p gapiradi. Aleks Volkanovski ustidan qozongan g‘alabasi haqida gapirsak, u shunchaki nokautdan so‘ng qaytishga tayyor bo‘lmagandi. Maksni xech qachon nokaut qilishmagan. Shuning uchun u Iliya uchun qiyin raqib bo‘ladi", - degandi Ronaldu.
Iliya esa bu gap-so‘zlarga munosabatini bildirdi.
"Sening darajangdagi insonlar o‘ziga bo‘lgan ishonch bilan kibrni farqlay olmasligini kutmagandim. Ammo yakunda biz baribir o‘zimizni ko‘rsatamiz. Faoliyating davomida senga eng yaxshi niyatlarimni tilayman, Yaratgan oilangni asrasin", - dedi Topuriya.
Eslatib o‘tamiz, Topuriya jangning 3-raundida Maks Xolloueyni nokautga uchratdi. Bu Xollouey uchun faoliyatidagi ilk nokautli mag‘lubiyat bo‘ldi.