Ushbu reytingga dunyoning 66 ta ligasidan eng ko‘p o‘yin vaqtiga ega bo‘lgan yigirma nafardan futbolchi kiritildi. Quvonarlisi, ushbu reytingdan mahoratli futbolchilarimiz Abbosbek Fayzullayev va Odilbek Hamrobekov o‘rin oldi.
Aniqroq aytadigan bo‘lsak, eng ko‘p o‘yin o‘tkazish bo‘yicha SSKA klubining hujumkor futbolchisi Abbosbek Fayzullayev Rossiya Premyer-ligasida ishtirok etayotgani bois reytingga kiritildi. Futbolchimiz Rossiya Premyer-ligasi vakillari orasida 2024 yil davomida eng ko‘p maydonda harakat qilgan futbolchi sifatida rekord o‘rnatdi. Abbosbek jami 58 ta uchrashuvda ishtirok etib, 3 ming 942 daqiqa davomida o‘ynagan.
Bu reytingga Abbosbek Fayzullayevning nafaqat SSKA, O‘zbekiston milliy va U23 terma jamoalarida o‘tkazgan o‘yinlaridagi ko‘rsatkichlari ham kiritilgan.
«CIES Football Observatory» ekspertlari O‘zbekiston Superligasi o‘yinchilari reytingini ham e’lon qildi. Unga ko‘ra, mavsumni “Navbahor”da o‘tkazgan Odilbek Hamrobekov klub va O‘zbekiston milliy terma jamoasi tarkibida 47 marotaba maydonga tushib, 4 ming 114 daqiqa o‘ynagan. Bu esa uning birinchi o‘rinni egallashini ta’minladi.