Yaponiyalik olimlar sut tishlari, keyin o‘sib chiqadigan doimiy tishlardan so‘ng “uchinchi avlod” tishlari o‘sishini rag‘batlantiradigan dori ixtiro qilishdi.
Tadqiqotchilarning fikriga ko‘ra, dori vositasi tug‘ma omillar tufayli tishlarining to‘liq to‘plamidan mahrum bo‘lgan odamlar uchun mo‘ljallangan.
“Yangi tishlarni o‘stirish g‘oyasi har bir tish shifokorining orzusidir. Men aspirant bo‘lganimda mazkur masala ustida ishlaganman va buni amalga oshirishimga ishonchim komil edi”, dedi olimlardan biri Katsu Takaxashi.
Takaxashining so‘zlariga ko‘ra, u va uning hamkasblarida mazkur g‘oya akulalar va sudralib yuruvchilarning ayrim turlarida yangi tishlar o‘sib chiqishi mumkinligi sababli odamlarda ham bunday qobiliyat yuzaga kelishi mumkin degan fikr asosida yuzaga kelgan.
Shu maqsad uchun ishlab chiqilgan dori vositasi kemiruvchilarda sinovdan o‘tkazildi. Tajriba shuni ko‘rsatdiki, dori haqiqatda kalamushlarda “uchinchi avlod” tishlarining o‘sishini rag‘batlantirdi. Hozirda loyiha mualliflari o‘z ixtirosini odamlarda qo‘llab ko‘rish uchun tayyorlamoqda, deb xabar beradi mir24.tv.