Bugun 18 noyabr, 2026 yil, chorshanba

КИР

Turkiyada hakamlar tizimi bo‘yicha yirik tergov boshlandi

Turkiyada hakamlar tizimi bo‘yicha yirik tergov boshlandi

Turkiya futbolida hakamlar faoliyati bilan bog‘liq yangi mojaro avj oldi. Uchrashuvlarga hakam tayinlash va ularni baholash jarayonlariga noqonuniy aralashilgani haqidagi gumonlar ortidan yetti kishi hibsga olindi.

Qo‘lga olinganlar orasida Turkiya futbol federasiyasi hakamlar qo‘mitasi rahbari Ferhat Gundogdu va uning o‘rinbosari ham bor.

Tergov doirasida hakamlarning reytingini shakllantirish, ularga ball berish, o‘yinlarga tayinlash hamda qoidalar bo‘yicha imtihon natijalarini o‘zgartirish bilan bog‘liq ehtimoliy qoidabuzarliklar o‘rganilmoqda.

Huquqni muhofaza qiluvchi organlar gumondorlarning uylari, ish joylari va ofislarida tintuv o‘tkazgan.

Turkiya adliya vaziri Akin Gurlek futbolga bo‘lgan ishonchni saqlash uchun tergov oxirigacha olib borilishini ta’kidladi. Uning aytishicha, maqsad maydon tashqarisidagi aralashuvlarga chek qo‘yish va qonunbuzarlikka yo‘l qo‘ygan shaxslarni javobgarlikka tortishdan iborat.

Bu Turkiya futbolidagi so‘nggi yirik mojaro emas. Bir yil avval TFF totalizator bilan bog‘liq ish ortidan 149 nafar hakamni faoliyatidan chetlatgan edi.

O‘sha tekshiruvlarda professional ligalarda ishlayotgan 571 hakamning 371 nafari bukmekerlik akkauntiga ega ekani, 152 nafari esa muntazam ravishda pul tikkani aniqlangan.

Keyingi choralar doirasida 29 kishi hibsga olingan, mingdan ortiq futbolchi turli muddatlarga diskvalifikasiya qilingan edi.

Hozirgi tergovning o‘sha totalizator mojarosi bilan bevosita bog‘liq yoki bog‘liq emasligi hozircha rasman tasdiqlanmagan.

Kiritildi: 09:29 30.09.2026. O'qildi: 992 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik