Turkiya Interpol'dan Binyamin Netanyahuni xalqaro miqyosda qidiruvga berishni so‘rab murojaat qildi. Bu haqda Turkiya adliya vaziri Akin Gyurlek ma’lum qildi. Gyurlekning so‘zlariga ko‘ra, Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu hamda Isroil Harbiy-dengiz kuchlari qo‘mondoni Afek Moskovichni hibsga olish bo‘yicha so‘rovlar “Global Sumud” flotiliyasi faollariga qarshi jinoyatlar, jumladan genosid va insoniyatga qarshi jinoyatlar uchun yuborilgan.
“Global Sumud” flotiliyasi atrofidagi mojaro Isroil harbiylari O‘rta Yer dengizining xalqaro suvlarida G‘azo sektoriga gumanitar yuk olib ketayotgan xalqaro kemalar karvonini to‘xtatib, bortdagi huquq himoyachilari, jumladan, Turkiya fuqarolarini qo‘lga olganidan so‘ng yuzaga kelgan edi.
Bunga javoban, jabrlangan faollarning da’volari asosida Istanbul sudi bosh vazir Binyamin Netanyaxu boshchiligidagi 35 nafar isroillik amaldor va harbiylarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atgan. Ular genosid va insoniyatga qarshi jinoyatlarda ayblanib, ularni hibsga olish bo‘yicha orderlar berilgan.