Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on Eron prezidenti Ibrohim Raisiy bilan suhbatda Anqara G‘azo sektoridagi Isroil va falastinliklar o‘rtasidagi inqirozni hal qilishda kafillik rolini o‘z zimmasiga olishga tayyorligini bildirdi.
Reuters agentligining Erdo‘g‘on ma’muriyati xabariga tayanib yozishicha, Turkiya rahbari islom dunyosi mojaroni hal qilishda Isroilga bosim o‘tkazish uchun yagona pozisiyani egallashi kerakligini ta’kidlagan.
Erdo‘g‘an va Raisiy o‘rtasidagi uchrashuv O‘zbekiston poytaxti Toshkentda o‘tkazilgan Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti sammiti doirasida bo‘lib o‘tdi.
Turkiya manbalariga ko‘ra, muzokaralar kun tartibida G‘azo sektoridagi Falastin–Isroil mojarosi bilan bog‘liq vaziyat asosiy o‘rin tutgan. Erdo‘g‘on matbuot xizmati bergan bayonotda ikki lider Isroilning G‘azo sektoriga uyushtirgan hujumlari natijasida yuzaga kelgan gumanitar inqiroz, uni hal qilish uchun qo‘yiladigan qadamlar, Turkiya–Eron munosabatlari va mintaqaviy masalalarni muhokama qildi.