Turkiya tashqi ishlar vaziri Xoqon Fidan uning mamlakati Yevropa Ittifoqiga integrasiya muvaffaqiyatsizlikka uchragani uchun BRIKSga qo‘shilishdan manfaatdor ekanini aytdi.
“Hozirgi xalqaro diversifikasiya sharoitida biz, albatta, savdo-iqtisodiy hamkorlikning turli variantlarini ko‘rib chiqmoqdamiz. BRIKS hozirda platforma hisoblanadi, lekin u to‘liq institusionalizasiya qilinmagan. Boshqacha qilib aytadigan bo‘lsak, masalan, YEIda integrasiyalashgan va umumiy valyuta, moliyalashtirish usullari, modellari, investisiya dasturlari, mezonlari, infratuzilmasi va boshqalar mavjud. BRIKS bu muammolarni hali to‘liq hal qilgani yo‘q. Biz BRIKSga kirsak, hammasi qanday rivojlanishini ko‘ramiz. Biz bunga intilamiz», — deya uning so‘zlarini keltiradi TASS.
Fidan, shuningdek, Turkiyaning Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lish urinishlari muvaffaqiyatsizlikka uchragach, BRIKSga murojaat qilganini aytdi. Agar vaziyat boshqacha bo‘lganida, Turkiya yangi iqtisodiy tuzilmalarni qidirmagan bo‘lishi mumkin edi.
Shu bilan birga, mamlakat tashqi iqtisodiy aloqalarni diversifikasiya qilishdan manfaatdor, shuning uchun u nafaqat BRIKSga, balki ASEANga ham qo‘shilish haqida o‘ylamoqda.