Bugun 14 mart, 2025 yil, juma

КИР

Trampning qarori jahon va raqamli valyutalarni qulatdi

Trampning qarori jahon va raqamli valyutalarni qulatdi

AQSh prezidenti Donald Trampning Kanada, Meksika va Xitoy tovarlariga import bojlarini joriy etish to‘g‘risidagi qarori dollarning aksariyat jahon valyutalariga nisbatan kuchayishiga olib keldi.

Dushanba kuni ertalab AQSh dollari Kanada dollariga nisbatan 1,2 foizga, Meksika pesosiga nisbatan esa 2 foizga qimmatlashdi. Savdolarda bir AQSh dollari uchun 1,47 Kanada dollari va 21,07 peso taklif etildi. Meksika valyutasi 2021 yil noyabr oyidan beri bunday past ko‘rsatkichga tushmagan edi, Kanada valyutasi esa 2003 yildan buyon eng past ko‘rsatkichni qayd etdi. Xorijiy birjalardagi savdolarda dollarning yuanga nisbatan kursi 7,37 darajasiga yetdi, bu Xitoy valyutasi uchun salbiy rekord bo‘ldi.

Boshqa jahon valyutalari ham dollarga nisbatan qadrsizlanmoqda. Jumladan, yevro ertalab dollarga nisbatan 1,2 foizga tushib, 2022 yil noyabr oyidan buyon eng past darajaga yetdi. Avstraliya dollari besh yillik minimumga tushdi, Shveysariya franki esa o‘tgan yilning may oyidan beri AQSh dollariga nisbatan eng past darajada savdo qilinmoqda.

Kriptovalyutalarning kotirovkalari ham qulab tushdi. O‘tgan bir sutka ichida raqamli valyutalar bozorining umumiy kapitallashuvi 10 foizga pasaydi, eng yirik kripto-aktivlarning ko‘pchiligi so‘nggi 24 soat davomida 20 foizdan ortiqqa arzonlashdi.

Kriptovalyuta savdogarlari narxlar qulashi oqibatida bir kunda 2 milliard dollardan ko‘proq mablag‘ni yo‘qotdilar. Bitkoinning kursi 93 ming dollardan pastga tushdi, kriptovalyutalar bozorining umumiy kapitallashuvi esa shu vaqt mobaynida 11 foizdan ko‘proqqa kamaydi. Yirik kripto-birjalardagi bitimlarni kuzatib boruvchi Coinglass xizmatining ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan 24 soat ichida savdo pozisiyalarini majburiy tugatishning umumiy hajmi 2,24 milliard dollardan oshib ketdi. 730 mingdan ortiq savdogar bitimlarni majburiy yopishga majbur bo‘ldi. Yo‘qotishlarning asosiy qismi Ethereum va bozor kapitalizasiyasi pastroq bo‘lgan altkoinlarning o‘sishiga umid qilgan savdogarlarda qayd etildi.

Kiritildi: 23:20 03.02.2025. O'qildi: 6453 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!