Takaiti Trampga ittifoqning “yangi oltin asri”ni va’da qildi hamda uni Nobel mukofotiga nomzod qilib ko‘rsatishini bildirdi.
Ommaviy axborot vositalarining xabar berishicha, Tokioda AQSh prezidenti Donald Tramp va Yaponiya bosh vaziri Sanae Takaiti o‘rtasida ilk uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda Takaiti Tokio va Vashington o‘rtasidagi ittifoqchilik munosabatlarining “yangi oltin davrini” ochishga va’da berdi.
Yaponiyaning marhum Sindzo Abening siyosiy vorisi hisoblangan Sanae Takaiti uning uslubini davom ettirib, Tramp uchun hashamatli qabul va imperator bilan uchrashuv tashkillashtirdi. U AQSh prezidentiga Abening golf tayoqchasi hamda chempion Xideki Masuyamaning imzosi tushirilgan golf sumkasini sovg‘a qildi. Shuningdek, Takaiti Trampni Tinchlik bo‘yicha Nobel mukofotiga nomzod sifatida ko‘rsatishni ham bildirdi.
Tramp esa bunga javoban Takaitini "haqiqiy yetakchi" deb atab, uning Yaponiya mudofaasini kuchaytirish borasidagi qat’iyatini yuqori baholadi.
Uchrashuv yakunida tomonlar noyob yer elementlari va strategik minerallarni birgalikda qazib olish va qayta ishlash bo‘yicha kelishuv imzoladilar hamda Yaponiya tomonidan 550 milliard dollarlik investisiya bitimini tasdiqladilar.