AQShning yangi saylangan prezidenti Donald Tramp Ukraina rahbari Vladimir Zelenskiy va Fransiya rahbari Emmanyuel Makron bilan uchrashuvda zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatish va muzokaralar olib borishni xohlashini tasdiqladi. Bu haqda Reuters nashri uchrashuv haqida ma’lumot olgan besh kishiga tayanib xabar berdi.
Nomlari oshkor etilmagan suhbatdoshlarning so‘zlariga ko‘ra, uchrashuv 35 daqiqa davom etgan. Suhbatdoshlardan biri Tramp o‘zini "do‘stona, hurmatli va ochiq" tutganini va "tinglov rejimida" bo‘lganini ta’kidladi.
Prezident Zelenskiy ofisidagi suhbatdoshning so‘zlariga ko‘ra, uchrashuvda ba’zi muhim jihatlar muhokama qilindi. Xususan, gap kafolatlar haqida bordi, chunki o‘t ochishni to‘xtatishning o‘zi yetarli emas va Rossiya prezidenti Vladimir Putin uni buzishi mumkin.
Nomlari oshkor etilmagan bir qancha amaldorlarning ta’kidlashicha, Tramp uchrashuvlar paytida asosiy e’tiborini shaxsiy munosabatlarni o‘rnatishga qaratgan.