AQSh prezidenti Donald Tramp tadbirkor Ilon Mask bilan o‘rtasidagi kelishmovchiliklarga qaramay, uni hali ham do‘sti deb hisoblashini ma’lum qildi.
Fox News telekanali orqali namoyish etilgan qishloq xo‘jaligiga bag‘ishlangan tadbirda so‘zlagan Tramp, Mask bilan munosabatlari yana yaxshilanganini ta’kidladi.
«Bilasizmi, Ilonning og‘ir davrlari bo‘lgan. Ammo hozir u yana mening do‘stim. Uning 80 foizi daholik, lekin 20 foiz hollarda kichik muvaffaqiyatsizliklar ham bo‘lib turadi. Lekin men elektr avtomobillarini yaxshi ko‘raman», — dedi Tramp.
Tramp va Mask o‘rtasidagi mojaro 2025 yil yozida, Mask Hukumat samaradorligi departamenti tashabbusidan ketganidan keyin boshlangan edi. O‘shanda Mask AQSh byudjeti loyihasini tanqid qilgan, Tramp esa javoban uning kompaniyalarini davlat shartnomalaridan mahrum qilish bilan tahdid qilgan.
Prezident va milliarder sentyabr oyida konservativ faol Charli Kirk xotirasiga bag‘ishlangan tadbirda janjaldan keyin birinchi marta uchrashgan edi.
Dekabr oyida esa ommaviy axborot vositalari Mask Respublikachilar partiyasining saylov kampaniyalarini moliyalashtirishni qayta boshlagani haqida xabar tarqatgan.
Trampning so‘nggi bayonoti ikki tomon o‘rtasidagi munosabatlar yana tiklanayotganidan darak bermoqda.