Bugun 1 iyun, 2026 yil, dushanba

КИР

Tramp Vensning imkoniyatlariga shubha bilan qaramoqda va hozircha siyosiy merosxo‘rini tanlamadi

Tramp Vensning imkoniyatlariga shubha bilan qaramoqda va hozircha siyosiy merosxo‘rini tanlamadi

AQSh prezidenti Donald Tramp vise-prezident Jey Di Vens Respublikachilar partiyasining navbatdagi yetakchisi bo‘la olishiga va Oq uy uchun muvaffaqiyatli kurashishiga ishonchi komil emas. Bu haqda prezident atrofidagi muhokamalardan xabardor manbalarga tayanib The New York Times nashri xabar bermoqda.

Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, Tramp yordamchilari va ittifoqchilari bilan suhbatlarda 2028 yilgi prezidentlik saylovlarida Respublikachilar partiyasidan nomzod bo‘lishi mumkin bo‘lgan shaxslarning istiqbollarini muntazam baholab boradi. U eng ehtimoliy da’vogarlar sifatida vise-prezident Vens va Davlat kotibi Rubioni ko‘rib chiqyapti.

Gazetaning yozishicha, Tramp Vens uning qo‘llab-quvvatlovisiz umummilliy saylovlarda g‘alaba qozonishga qodirmi, degan savolni bir necha bor o‘rtaga tashlagan.

Manbalarning ta’kidlashicha, Tramp xususiy suhbatlarda vise-prezidentning faoliyatini o‘ziniki bilan solishtirib, Vens mustaqil ravishda yirik saylovlarda g‘alabalarga erishmaganini qayd etgan. Ushbu shubhalarga qaramay, Trampning ko‘plab ittifoqchilari hali ham Jey Di Vensni uning siyosiy merosxo‘ri sifatida asosiy da’vogar deb hisoblaydi.

Vise-prezidentning o‘zi 2028 yilgi saylovlarda Respublikachilardan nomzod bo‘lishi mumkin bo‘lganlar orasida favoritlardan biri bo‘lib qolmoqda. Kelishmovchiliklar haqidagi xabarlar Tramp va respublikachilarning mashhurligi pasaygan bir paytda paydo bo‘ldi.

May oyida e’lon qilingan Washington Post, ABC News va Ipsos'ning qo‘shma so‘rovnomasiga ko‘ra, amerikaliklarning 37 foizi prezident faoliyatini ma’qullaydi, 62 foizi esa salbiy baholaydi. Eng past bahoni ma’muriyatning iqtisodiy siyosati, turmush qiymatining oshishi va Eron bilan ziddiyat atrofidagi vaziyat olgan.

So‘rovnoma natijalariga ko‘ra, mustaqil saylovchilar o‘rtasida qo‘llab-quvvatlovning kamayishi respublikachilarning Kongressga bo‘ladigan oraliq saylovlardagi mavqeini qiyinlashtirishi mumkin.

Kiritildi: Bugun 18:45. O'qildi: 235 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!