Donald Tramp jamoasi Yevropa yetakchilariga AQShning saylangan prezidenti NATO davlatlaridan mudofaa xarajatlarini yalpi ichki mahsulotning 5 foizigacha oshirishni talab qilish niyatida ekanini aytdi. Bundan tashqari, ular Vashington yangi ma’muriyat davrida Ukrainaga harbiy yordam berishda davom etishiga va’da berishdi.
Tramp maslahatchilarining Yevropa rasmiylari bilan uchrashuvlari chog‘ida bayon qilgan rejalari Financial Times suhbatdoshlariga ma’lum bo‘ldi. Avvalroq Kiyevni qo‘llab-quvvatlashni to‘xtatish va uni Moskva bilan zudlik bilan muzokara boshlashga majbur qilish niyatiga qaramay, Tramp endilikda ittifoqchilarni qurol-yarog‘ ta’minotini saqlab qolishga tayyor ekanligiga ishontirdi.
Biroq, NATOning yangi 5 foizlik maqsadi Yevropada xavotir uyg‘otmoqda, alyansning 32 davlatidan faqat 23 tasi hozirgi 2 foizlik ko‘rsatkichga erishmoqda. Agar davlatlar Qo‘shma Shtatlarga yaxshi savdo shartlarini bersa, Tramp maqsadni 3,5 foizga tushirishga rozi bo‘lishi mumkin, deydi manbalar.
Yevropa hukumatlari NATOning iyun oyida Gaagada bo‘lib o‘tadigan sammiti uchun xarajatlarni 3% gacha oshirishni allaqachon muhokama qilmoqda, biroq ko‘pchilik qiyin moliyaviy qarorlardan ehtiyot bo‘lmoqda.
"Biz NATOning iyun oyida Gaagadagi sammitiga qadar 3 foiz yoki undan ko‘p foiz haqida gapirayotganimiz juda aniq", dedi Trampning rejalaridan xabardor bo‘lgan yevropalik rasmiy FT telekanaliga.