Bu haqda qonun loyihasining hammuallifi, senator Lindsi Grem ma’lum qildi. Uning aytishicha, hujjat bo‘yicha ovoz berish kelasi haftadayoq bo‘lib o‘tishi mumkin.
Rossiyaga qarshi ikkilamchi sanksiyalarni nazarda tutuvchi ikki partiyaviy qonun loyihasi respublikachi Lindsi Grem va demokrat Richard Blyumental tomonidan 2025 yil bahorida taqdim etilgan. Hujjat Rossiya nefti va gazini sotib olayotgan mamlakatlardan import qilinadigan mahsulotlarga 500 foizlik bojlar joriy etilishini ko‘zda tutadi.
Gremning ta’kidlashicha, qonun loyihasi prezident Trampga Putinni Ukraina bilan urushni yakunlashga undash uchun ko‘proq vakolatlar beradi. U yoz oylaridayoq Tramp hujjatni qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanini bildirgan edi, biroq AQSh va Rossiya o‘rtasida Alyaskada bo‘lib o‘tgan tinchlik muzokaralari fonida qonun loyihasi ustidagi ishlar vaqtincha to‘xtatilgan.
Noyabr oyida Reuters agentligi Tramp agar u barcha cheklovlar bo‘yicha yakuniy qaror qabul qilish huquqini o‘zida saqlab qolsa, qonun loyihasini imzolashga tayyor ekanini xabar qilgan edi.