AQSh prezidenti Donald Tramp Pekinda Ikkinchi jahon urushida g‘alabaning 80 yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan tantanali harbiy parad fonida Rossiya, Xitoy va KXDRni Amerika Qo‘shma Shtatlariga qarshi “fitna” uyushtirishda aybladi.
Tramp Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida Xitoy rahbari Si Szinpinga murojaat qilib, “Prezident Vladimir Putin va Kim Chen In bilan AQShga qarshi fitna rejalashtirayotganingizda, ularga mening eng iliq tilaklarimni yetkazing”, deya yozdi. Biroq u bu bayonot bilan aynan nimani nazarda tutganini ochiqlamadi.
Shuningdek, AQSh prezidenti Amerika Ikkinchi jahon urushi yillarida Xitoyga ozodlik uchun kurashda yordam berganini eslab o‘tdi. “Ko‘plab amerikaliklar Xitoyning g‘alabasi va sharafi yo‘lida jon fido qildi. Umid qilamanki, ular munosib ravishda yodga olinadi va qadrlanadi”, — dedi Tramp.
Shu bilan birga, bir necha soat oldin Tramp jurnalistlarga bergen intervyusida Rossiya va Xitoyning AQShga qarshi “o‘q” shakllanishidan qo‘rqmasligini bildirdi. “Bizda bugungi kunda dunyodagi eng kuchli qurolli kuchlar mavjud. Ular bizga qarshi armiyalarini hech qachon ishlatmaydi. Ishoning, bu ularning eng katta xatosi bo‘lgan bo‘lardi”, — deya ta’kidladi Tramp.