AQSh prezidenti Donald Tramp Fox News telekanaliga bergan intervyusida Meksika hududida faoliyat yuritayotgan giyohvand moddalar kartellariga qarshi quruqlikdagi operasiyalar va aniq zarbalar amalga oshirilishini e’lon qildi.
Davlat rahbarining ta’kidlashicha, AQSh tomonidan dengiz yo‘llari orqali amalga oshirilayotgan giyohvand moddalar kontrabandasining 97 foizi to‘xtatilgan. Endilikda asosiy e’tibor quruqlikdagi kartellar faoliyatiga qaratiladi.
“Biz dengiz orqali olib kirilayotgan giyohvand moddalar savdosining 97 foizini to‘xtatdik. Endi quruqlikdagi kartellarga zarba berishni boshlaymiz. Meksikani giyohvand moddalar kartellari boshqaryapti”, — dedi Donald Tramp.
Shu bilan birga, AQSh prezidenti mazkur operasiyalarni qachon boshlash masalasida aniq muddatlarni ochiqlamadi.