Qo‘shma Shtatlar Grenlandiyaning egalik huquqi bo‘yicha nizo tufayli bir nechta Yevropa davlatlariga tariflarni oshirmoqda.
AQSh prezidenti Donald Tramp bu haqda Truth Social ijtimoiy media platformasida e’lon qildi.
"Biz Daniya va barcha Yevropa Ittifoqi mamlakatlariga yillar davomida tariflar yoki boshqa biron bir kompensasiya to‘lamasdan subsidiyalar berib kelmoqdamiz. Endi Daniyaning qarzdorliklarini qoplash vaqti keldi — dunyo tinchligi xavf ostida! Xitoy va Rossiya Grenlandiyani xohlashadi, Daniya esa bu haqda hech narsa qila olmaydi", deb yozgan u.
Trampning so‘zlariga ko‘ra, faqat u boshchiligidagi Qo‘shma Shtatlar Grenlandiya suverenitetini himoya qila oladi. Shuningdek, u Yevropa davlatlari tomonidan orolda harbiy faollikning kuchayishi "xavfli o‘yin" va Vashington uchun xavf tug‘dirishini ta’kidladi.
"Joriy yilning 1 fevralidan boshlab Vashington Daniya, Norvegiya, Shvesiya, Fransiya, Germaniya, Buyuk Britaniya, Niderlandiya va Finlyandiyaga tariflarni 10% gacha, 1 iyundan esa 25% gacha oshiradi. Bu tariflar Grenlandiyani yakuniy va to‘liq sotib olish bo‘yicha kelishuvga erishilgunga qadar amal qiladi", deb ta’kidladi Amerika yetakchisi.