AQSh prezidenti matbuot kotibi Kerolayn Livittning aytishicha, 2,2 milliard dollar miqdoridagi federal grantlardan mahrum etilgan Garvard universiteti "yahudiy millatiga mansub amerikalik talabalar nisbatan kampusda yuz bergan ochiq antisemitizm uchun uzr so‘rashi kerak".
Livitt ma’muriyat harakatlarini universitet kampuslarida "antisemitizmni jilovlashga qaratilgan urinish" deb ta’rifladi. Bundan tashqari, Oq uy Garvarddan o‘zining xilma-xillik, tenglik va inklyuzivlik dasturlarini tugatishni, niqob taqishni taqiqlashni va ishga olish amaliyotini qayta ko‘rib chiqishni talab qilmoqda.
Garvard universiteti Tramp ma’muriyatining bu talablarini bajarishdan bosh tortdi, shundan so‘ng Oq uy grantlarni muzlatib qo‘ydi.
Seshanba kuni AQSh prezidenti Donald Tramp Garvard universitetini “soliqlardan ozod qilinganlik” maqomidan ham mahrum qilish bilan tahdid qildi.
Oq uy matbuot kotibi shuningdek, Garvard va boshqa ta’lim muassasalarini fuqarolik huquqlari to‘g‘risidagi qonunning VI bo‘limini buzishda aybladi. Ushbu bo‘lim federal mablag‘ olayotgan tashkilotlarga irqiy yoki milliy kelib chiqishi asosida kamsitishni taqiqlaydi.
Reuters'ning qayd etishicha, ushbu qonunga ko‘ra, moliyalashtirish faqat to‘liq tergov va eshituvlardan so‘ng, hamda Kongressga 30 kunlik xabarnoma yuborilganidan keyingina to‘xtatilishi mumkin. Biroq Garvard va mart oyida moliyalashtirishdan mahrum etilgan Kolumbiya universiteti bilan yuz bergan holatlarda bu jarayon amalga oshirilmagan.
Garvard bitiruvchisi, AQShning sobiq prezidenti Barak Obama universitetning Oq uyning talablarini rad etish qarorini olqishladi.
"Garvard akademik erkinlikka qarshi noqonuniy va bemani bosimni rad etib, boshqa oliy o‘quv yurtlariga o‘rnak bo‘ldi. Umid qilamizki, boshqalar ham bu namunaga ergashadi", — deb yozdi Obama X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida.