Dushanba kuni AQSh prezidenti Donald Tramp o‘zining ilk prezidentlik muddati davrida Suriya bo‘yicha elchi bo‘lib ishlagan Joel Reybern nomzodini Davlat kotibining Yaqin Sharq masalalari bo‘yicha yordamchisi lavozimiga ko‘rsatishdan qaytarib oldi. Bu haqda masaladan xabardor ikki manba ma’lum qildi.
Respublikachilar yetakchisi Tramp fevral oyida Reybernni Davlat departamentining Yaqin Sharq siyosati uchun mas’ul lavozimiga nomzod qilib ko‘rsatgan edi. Senatning Tashqi aloqalar qo‘mitasi may oyida uning nomzodligini muhokama qilgan.
Biroq, senator Rend Pol va qo‘mita demokratlari Trampning tanlovidan xavotir bildirib, o‘tgan hafta qo‘mita Reybern nomzodligini Senatga tavsiya qilmasdan, faqat nomzodlikni ilgari surishni qo‘llab-quvvatladi.
Manbalardan biriga ko‘ra, Reybernning tasdiqlanishi uchun yetarli ovoz yo‘q va ma’muriyat bu masalada “boshqa yo‘nalishni” tanlagan.
Qo‘mitadagi muhokama paytida senatorlar Reyberndan Trampning ilk ma’muriyati davrida AQSh rasmiylarini Suriyadagi amerikalik qo‘shinlar soni haqida chalg‘itishda roli bo‘lganmi, deb so‘rashgan. Reybern esa bu ayblovlarni rad etgan.
Oq uy Axios nashrida ilk bor yoritilgan ushbu qaror haqida izoh berishdan bosh tortgan.
Reybern Trampning ilk ma’muriyati davrida Davlat departamenti va Milliy xavfsizlik kengashida faoliyat yuritgan. Biroq Oq uydagi ayrimlar uni prezidentning siyosiy ustuvor yo‘nalishlarini yetarlicha qo‘llab-quvvatlamagan, deb hisoblagan.
Shu bilan, Davlat kotibining Yaqin Sharq masalalari bo‘yicha yordamchisi lavozimi – Senat tasdig‘ini talab qiluvchi o‘rin – yanvarda Tramp hokimiyatga qaytganidan beri bo‘sh holatda qolmoqda.